Nazariy va amaliy bilimlar uyg‘unligi
Prezidentning “Neft va gaz sohasida ta’lim-ishlab chiqarish klasterini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, klaster faoliyatini muvofiqlashtiruvchi kengash tomonidan qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida “O‘zbekneftgaz” AJ va Toshkent davlat texnika universiteti o‘rtasida ta’lim va tadqiqot borasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida anglashuv Memorandumi imzolangan.
Hujjatning maqsadi nazariy va amaliy bilimlarni uyg‘unlashtirish, talabalarni o‘qitishda ta’lim sifatini oshirish, kelgusida yoshlardan yetuk kadrlar tayyorlashdan iborat.
Ushbu memorandumda belgilangan kelishuv ijrosini ta’minlash maqsadida universitetning bakalavriat va magistratura talabalari uchun “O‘zbekneftgaz” AJning Konlarni modellashtirish markaziga tanishtiruv amaliyoti tashkil etildi.
Markazga amaliyot davomida talabalarga uglevodorod konlarni 3D usulda modellashtirish, mavjud geologik-texnik ma’lumotlarni raqamlashtirish va yagona ma’lumotlar bazasini shakllantirish hamda uni onlayn yuritish ishlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Ma’lumot uchun: Jamiyat tasarrufidagi ishlab chiqarish korxonalarida 1 000 dan ortiq talaba uchun amaliyot mashg‘ulotlari, 50 dan ortiq professor-o‘qituvchi va ilmiy xodimlar stajirovkasi tashkil etildi. Shuningdek, 25 dan ortiq iqtidorli talabaga “Uzbekistan GTL” va “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” MCHJning stipendiyasi tayinlandi.