Moʻynoqda ishchilar uchun yangi yotoqxona va oshxona quriladi
“Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi boshchiligidagi ishchi guruhning navbatdagi oʻrganishlari Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli Uchsoy aholi yashash punktida joylashgan ishchilar yotoqxonasida davom ettirildi.
Maʼlumki, Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmasining asosiy konlari Moʻynoq tumani hududida joylashgan boʻlib, ishchilarning smena davomida yashashi uchun Uchsoy aholi yashash punktida 60 oʻrinli ishchilar yotoqxonasi, shuningdek, oshxona hamda muhandis-texnik xodimlar uchun ishchi bloki faoliyat yuritmoqda.
Boshqaruv raisi mazkur yotoqxonada yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishib, ishchi-xizmatchilarning yashashi va dam olishi uchun yanada qulay muhit yaratish muhimligini taʼkidladi.
Mutaxassislar tomonidan qurilishi rejalashtirilayotgan yangi 60 oʻrinli yotoqxona hamda 84 oʻrinli zamonaviy oshxona binosini barpo etish loyihasi taqdimoti oʻtkazildi.
Boshqaruv raisi istiqbolli maydonda gaz qazib chiqarish hajmlari bosqichma-bosqich oshirilayotgani va ishlar koʻlami kengayayotganini inobatga olgan holda 200 oʻrinli yangi yotoqxona hamda 100 oʻrinli zamonaviy oshxona binosi, majlislar zali va shtab qurish, shuningdek mavjud binolarni rekonstruksiya qilish boʻyicha topshiriqlar berdi.