Shaxmat turniri g‘oliblari aniqlandi
“O‘zbekneftaz” AJ tasarrufidagi barcha boshqarma va korxonalar xodimlari o‘rtasida shaxmat turniri o‘tkazildi.
Musobaqa Xalqaro shaxmat federatsiyasining amaldagi qoidalari asosida, tezkor (rapid) yo‘nalishida ayollar hamda erkaklar o‘rtasida tashkil etildi. Ishtirokchilarga har bir partiya uchun 10 daqiqa, har bir yurish uchun esa 5 soniyadan vaqt ajratildi.
Natijalarga ko‘ra, erkaklar o‘rtasidagi bellashuvlarda “O‘zneftgaz burg‘ulash ishlari” MCHJ xodimi Alisher Rajabov 1-o‘rin, “O‘zbekneftgaz” AJ markaziy apparati xodimi Akram Rajabov 2-o‘rin, “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” MCHJ xodimi Iskandar Kenjayev 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Ayollar o‘rtasidagi musobaqalarda “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” MCHJ xodimi Xurshida Qo‘ziyeva 1-o‘rin, I.M. Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti Toshkent shahridagi filiali xodimi Jannat Ametova 2-o‘rin, "Guliston neft bazasi" MCHJ xodimi Gulnoza Ochilova 3-o‘rinni egallashdi.
Gʻoliblar “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.