Fransiya kompaniyasi bilan manfaatli kelishuvga erishildi
“O‘zbekneftgaz” AJ hamda Fransiyaning “Cryostar” kompaniyasi vakillari bilan ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda Fransiya kompaniyasi o‘zining yuqori bosimli tabiiy gaz, etan va kondensatni qayta ishlashga mo‘ljallangan yuqori texnologiyali turbodetanderlarining yangi ishlanmalari taqdimotini o‘tkazdi.
Qayd etish joizki, bugungi kunda “Cryostar” tomonidan ishlab chiqarilgan turbodetanderlar “O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi Muborak gazni qayta ishlash zavodi va “Uz-Kor Gas Chemical” qo‘shma korxonasi faoliyatida samarali ishlatilib kelinmoqda.
Uchrashuvda “Cryostar” mutaxassislarining “Uz-Kor Gas Chemical”ga tashrifi yakunlari bo‘yicha qo‘shma korxonada qo‘llanilayotgan turbodetanderlarning texnik holatiga oid masalalar ham muhokama qilindi.
Kompaniyaga tegishli turbodetanderlarni modernizatsiya qilish bo‘yicha zarur tavsiyalarni taqdim etish, “O‘zbekneftgaz” AJ xodimlarini kapital ta’mirlash bo‘yicha texnik qo‘llab-quvvatlash va o‘qitish shartlari bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.