April 10

Yirik ekologik loyiha: yiliga 421 ming m³ suv iqtisod qilinadi

Global iqlim oʻzgarishi va suv taqchilligi sharoitida tabiiy resurslardan samarali foydalanish dolzarb vazifaga aylanmoqda. Shu maqsadda “Oʻzbekneftgaz” AJ tizimidagi Shoʻrtan gaz kimyo majmuasida yangi ekologik loyiha amalga oshirilmoqda.

Loyiha doirasida oqova suvlarni chuqur tozalash va qayta foydalanish tizimi joriy etiladi. Ilgari tozalash imkoniyatlari cheklangani sabab suvning bir qismi tashqi tarmoqlarga chiqarilar edi. Yangi texnologiyalar esa bu muammoni bartaraf etadi.

Modernizatsiya jarayonida yangi yogʻ tutgich inshooti quriladi va aktivlashtirilgan koʻmir filtrlari orqali zararli moddalar 10 barobarga kamaytiriladi.

Natijada oqova suvlar toʻliq tozalanib, qayta ishlatiladi. Yiliga 421 ming m³ toza suv iqtisod qilinadi, tozalangan suvlar koʻkalamzorlashtirishga yoʻnaltiriladi.

Loyihaning qiymati 2,5 mlrd soʻmni tashkil etib, sarflangan mablagʻ resurs tejash hisobiga oʻzini oqlashi kutilmoqda.

Loyihani 2027-yil II-choragiga qadar yakunlash rejalashtirilgan. Bu tashabbus ekologik barqarorlikni taʼminlash va “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirishda muhim qadam hisoblanadi.

“Oʻzbekneftgaz” AJ Axborot xizmati