April 15

Uzoq muddatli sheriklikning navbatdagi qadami: “O‘zbekneftgaz” AJ va “Halliburton” texnologik kun o‘tkazdi

Ruscha

14 aprel kuni Toshkent shahrida sun’iy intellekt va ilg‘or tahlillar texnologiyalarini rivojlantirishni hisobga olgan holda geologiya-qidiruv, burg‘ulash va uglevodorodlarni qazib olishni optimallashtirish bo‘yicha ilg‘or yechimlarni namoyish etishga qaratilgan texnologik kun o‘tkazildi.

Ushbu muloqot joriy yilning fevral oyida “O‘zbekneftgaz” AJ rahbariyati va dunyodagi yetakchi neft konlariga xizmat ko‘rsatuvchi “Halliburton” kompaniyasi o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvning mantiqiy davomidir.

Tadbirda har ikki kompaniya mutaxassislari va rahbarlari ishtirok etdi. Sessiyada ishtirok etish uchun AQSHning Xyuston shahridagi bosh ofisdan texnik ekspert tashrif buyurib, yetuk konlarni raqamli o‘zgartirishning asosiy yo‘nalishi bo‘lgan aktivlarni kompleks boshqarish tajribasi va metodologiyasi (uslublari)ni namoyish etdi.

Kun tartibida “Halliburton” kompaniyasi quyidagi asosiy yo‘nalishlardagi eng yangi texnologik yechimlarni taqdim etdi:

• Aktivlarni kompleks boshqarish va “Halliburton” 4.0 – raqamlashtirish, yetuk konlarni integratsiyalashgan holda boshqarish va qazib olish qiyin bo‘lgan zaxiralarni qazib olishni optimallashtirishga yangicha yondashuvlar.

• Qatlamni gidravlik yorish usullari – loy, tuz va yuqori haroratli qatlamlarni samarali ishlab chiqish texnologiyalari.

• Quduqlarni tugatish, sementlash va perforatsiyalash sohasidagi innovatsiyalar, shu jumladan ko‘pikli sementlash va yuqori karotaj kesish uskunalari.

• Uglevodorodlarni qazib olish koeffisiyentini oshirish va qazib olish xarajatlarini kamaytirish bo‘yicha usullar.

Sessiyalar davomida operasion vazifalar va ekspluatatsion burg‘ulash muammolariga alohida e’tibor qaratildi. “Halliburton” mutaxassislari dunyo bo‘ylab shunga o‘xshash loyihalarda qo‘llayotgan muhim keyslar va ish tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.

Ushbu tadbir oldingi uchrashuvda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish uchun muhim qadam bo‘ldi va har ikki tomon strategik sheriklikni mustahkamlashga intilayotganini tasdiqladi.

Tadbir yakunida O‘zbekiston Respublikasida “Halliburton” texnologiyalarini mahalliylashtirishga ko‘maklashish va belgilangan ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlik qilish uchun Yo‘l xaritasini tuzish vazifalari belgilab olindi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati