May 31, 2023

Boku energiya haftaligi doirasida Ozarbayjon prezidenti “O‘zbekneftgaz” AJ stendi bilan tanishdi

Ruscha

Joriy yilning 31 may 3 iyun kunlari Ozarbayjonda Boku energiya haftaligi doirasida “Kaspiy neft va gazi – Caspian Oil&Gas” 28-xalqaro ko‘rgazmasi, "Energetika va yashil energiya – Caspian Power" 11-xalqaro ko‘rgazmasi hamda Baku energetika forumi o‘tkazilmoqda. Ushbu Kaspiybo‘yi mintaqasining energetika sohasidagi yirik tadbirda “O‘zbekneftgaz” AJ rahbariyati boshchiligidagi delegatsiya a’zolari ham ishtirok etmoqda.

Boku energiya forumi doirasida o‘tkazilayotgan “Kaspiy neft va gazi” ko‘rgazma va anjuman soha yetakchi mutaxassislarining uchrashuv platformasi bo‘lib, unda neft, gaz va energetika sohasida davlatlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha memorandumlar, bitimlar va shartnomalar imzolanadi. Tadbir ishtirokchilari ro‘yxatidan jahonning neft va energetika sohasidagi yetakchi kompaniyalari joy olgan.

Tadbirning ochilish marosimida ishtirok etgan Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev ushbu xalqaro ko‘rgazma-konferensiya qariyb 30 yildan buyon Ozarbayjonga o‘z salohiyatini sarmoyadorlarga namoyish etishda yordam berib kelayotganligini e’tirof edi.

Prezident, shuningdek, ushbu yirik tadbir mamlakatda neft va gaz sohasiga tamal toshini qo‘yib, iqtisodiy barqarorlik va farovon kelajakni ta’minlashga sababchi bo‘lgan, Ozarbayjon mustaqilligining asoschisi Haydar Aliyev tavalludining 100 yilligi keng nishonlanayotgan bir paytda o‘tkazilayotganligiga alohida urg‘u berdi.

Ko‘rgazmaning birinchi kunida Ozarbayjon rahbari ekspozisiyalar, jumladan O‘zbekistonning neft-gaz sohasiga bag‘ishlangan "O‘zbekneftgaz" AJ stendi bilan ham tanishdi.

“O‘zbekneftgaz” AJ rahbariyati Ozarbayjon Respublikasi prezidenti Ilhom Aliyev bilan bo‘lgan uchrashuvda “SOCAR” davlat neft kompaniyasi ishtirokida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan loyihalar ikki davlat munosabatlarini barqaror rivojlantirishga asos bo‘layotganligini ta’kidladi.

Ozarbayjon Respublikasi rahbari mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashda ko‘rsatayotgan yetakchiligi va ko‘magi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, “O‘zbekneftgaz” AJ hamda Ozarbayjon Respublikasining Davlat neft kompaniyasi – “SOCAR” o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha “Yo‘l xarita”si imzolangan bo‘lib, ushbu hujjat asosida kadrlar tayyorlash, xodimlar hamda olimlar o‘rtasida tajriba va ko‘nikmalarni o‘rtoqlashish kabi qator yo‘nalishlarda aloqalar o‘rnatilgan.

Ko‘rgazma doirasida o‘tkaziladigan anjumanda neft va gaz konlarini o‘zlashtirish, quduqlarni qurish va ulardan foydalanish, burg‘ulash, uskunalarni loyihalash, ishlab chiqarish va texnik xizmat ko‘rsatish, quvurlarni o‘rnatish va xavfsizlik tizimlarini ta’minlash, mahsulotlarni qayta ishlash, uglevodorodlarni tashish kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi va muhokamalar o‘tkazildi.

"O‘zbekneftgaz" AJ Matbuot xizmati

|web-sayt|instagram|telegram|