Muborak gazni qayta ishlash zavodida inson omilisiz boshqaruv tizimi yo‘lga qo‘yildi
“O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi Muborak gazni qayta ishlash zavodi 14-bo‘linmasidagi 1, 2, va 3-sonli gazni oltingugurtli birikmalardan tozalash qurilmalarida avtomatik boshqaruv tizimini joriy etish va modernizatsiya qilish loyihasi muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
Loyiha doirasida qurilmalardagi 3 ta texnologik blok zamonaviy va energiya tejamkor texnologiyalar asosida modernizatsiya qilindi. Ularda avtomatik boshqaruv tizimini joriy etish orqali texnologik jarayonlarni inson omilisiz nazorat qilish, ogohlantiruvchi va himoyalovchi tizimlarni ishlatish imkoniyati yaratildi.
Yangi avtomatlashtirilgan dasturlar orqali jarayonni real vaqt rejimida kuzatib borish, ma’lumotlarni arxivlash va trendlarni elektron tarzda saqlash mumkin bo‘ldi.
Modernizatsiyaga qadar mavjud uskunalar, jumladan apparatlar, quvur uzatgichlar va nasos agregatlarda qo‘lda boshqarish jarayoni qo‘llanilar edi. Bunday sharoitda ishchi-xodimlar uchun xavfsizlik darajasi past va mehnat sharoitlari ancha qiyin edi.
Modernizatsiya jarayonida eski qo‘lda boshqariladigan moslamalar zamonaviy avtomatlashtirilgan moslamalarga almashtirildi. Bu esa "Halokatga qarshi himoya" tizimini joriy etishga imkon berdi. Shuningdek, masofadan xavfsiz boshqarish va texnologik parametrlarni aniq nazorat qilish imkoniyati yaratildi.
Modernizatsiya natijasida “O‘ztransgaz” AJ magistral gaz quvurlariga uzatilayotgan gaz sifatini “OʻzDSt 948:2016” standart talablariga muvofiqligini ta’minlashga erishildi. Bu esa mahsulot sifatini sezilarli darajada oshirdi.
Ma’lumot uchun: Mazkur qurilmalar 1993 yilda ishga tushirilgan bo‘lib, ularning umumiy yillik quvvati 6 milliard kub metr gaz qabul qilishga mo‘ljallangan.