“O‘zbekneftgaz”: Buxoro neftni qayta ishlash zavodida “SSDF” markali yuqori sifatli dizel yoqilg‘isini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi
“O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi “Uzbekistan GTL” va Buxoro neftni qayta ishlash zavodlari mutaxassislari hamkorligida “Yevro – 4" va “Yevro – 5” sinfidagi “SSDF” markali yangi turdagi (yarim sintetik) dizel yoqilg‘isini ishlab chiqish bo‘yicha o‘tkazilgan qator tadqiqotlar muvaffaqiyatli yakunlandi.
“TS 16472899-044” standarti talablariga muvofiq yangi turdagi mahsulotni tayyorlash uchun “Uzbekistan GTL” zavodida ishlab chiqarilgan “GTL” sintetik dizel yoqilg‘isi Buxoro neftni qayta ishlash zavodining an’anaviy dizel yoqilg‘isi bilan aralashtirildi. Bunda, “SSDF” yarim sintetik dizel yoqilg‘isi an’anaviy yoqilg‘iga sintetik komponentning 50 foizdan ko‘p bo‘lmagan miqdorini qo‘shish orqali ishlab chiqariladi.
2023 yilning 17 mart kuni yangi mahsulotlarni ishlab chiqarishga tatbiq qilish asosida Buxoro neftni qayta ishlash zavodi “DT Yevro-L-II-K4-SSDF” va “DT Yevro-L-II-K5-SSDF” markali dizel yoqilg‘isini seriyali ishlab chiqarish bo‘yicha muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘ldi.
Ushbu yangi turdagi dizel yoqilg‘isi an’anaviy dizel yoqilg‘isidan yaxshilangan setan soni va indeksi ko‘rsatkichlari, shuningdek, polisiklik aromatik uglevodorodlar miqdori bilan ajralib turadi.
Qayd etish joizki, setan soni va indeksi ko‘rsatkichlarining oshishi dizel yoqilg‘isining ekspluatatsion va iqtisodiy ko‘rsatkichlarini yaxshilaydi. Yoqilg‘i tarkibidagi polisiklik aromatik uglevodorodlar miqdorining kamayishi natijasida chiqindi gazlari tarkibidagi zararli moddalarning atrof-muhit va inson salomatligiga salbiy ta’siri kamayadi.
O‘zbekistonda ushbu turdagi neft mahsulotining ishlab chiqarilishi natijasida ichki va tashqi bozorga ekologik toza, yuqori sifatli dizel yoqilg‘isini yetkazib berish, shuningdek, xorijiy valyutani tejash va importni qisqartirishga erishiladi.
Ma’lumot uchun: Bugungi kunda Buxoro neftni qayta ishlash zavodida 16 turdagi dizel yoqilg‘isi ishlab chiqarilmoqda.