Konsalting kompaniyalari uchun tashkil etilgan “Ochiq eshiklar kuni”ning dastlabki natijalari sarhisob qilindi
Avval xabar berilganidek, “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan konsalting kompaniyalari uchun “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazilmoqda.
Maslahatchilar loyihalarni boshqarish biznes-jarayonlarning ekspress diagnostikasini o‘tkazadilar, shuningdek, jamiyat faoliyatining operatsion samaradorligini oshirish uchun qo‘shimcha yo‘nalishlarni belgilaydilar.
O‘z ish natijalarini “Ernst&Young” (BIG4 tarkibiga kiruvchi kompaniya) va “Perviy Bit» (xalqaro IT-kompaniyasi) kompaniyalari taqdim etdi. Ikkala kompaniya tomonidan ham Jamiyatda transformatsiya dasturi yuqori darajada tashkil etilganligi qayd etilgan.
Xususan, “Ernst&Young” kompaniyasining maslahatchilari tomonidan optimallashtirish bo‘yicha quyidagi yo‘nalishlar tavsiya etilgan:
– loyihalarni boshqarishning integratsiyalashgan tizimini ishlab chiqish va joriy etish, kalendar rejalashtirish va nazorat tizimini Jamiyatning hisobga olish tizimlari, resurs va byudjetni rejalashtirish bilan integratsiyalash;
– o‘zgarishlarni boshqarish dasturini joriy etish, “O‘zbekneftgaz” AJ loyiha ofisini aniqlash va tegishli vakolatlarni belgilab berish;
– xodimlar malakasini oshirishning kompleks dasturini amalga oshirish bilan loyiha menedjerlari institutini joriy etish;
– loyihalar amalga oshirilishini monitoring qilish uchun “O‘zbekneftgaz” AJning yagona loyiha portalini ishlab chiqish va joriy etish;
– “O‘zbekneftgaz” AJda kollegial organ – “Investitsiyalar qo‘mitasini” tashkil etish, uning asosiy vazifasi loyihalarni amalga oshirishni kompleks baholash va qarorlar qabul qilish, ularning amalga oshirilishini nazorat qilish va monitoring qilish, shuningdek, loyihalarning bajarilishi yakunlari bo‘yicha samaradorligini baholash;
– loyihalar amalga oshirishda (Stage Gate Approach) xavflarni samarali boshqarish, loyihalarning maqsadli ko‘rsatkichlarini ta’minlash va loyihalar jarayoniga ta’sir ko‘rsatadigan ichki va tashqi omillarni o‘zgartirishga tezkor qaror qilishda bosqichma-bosqich yondashuvlarni qo‘llash.
“Perviy Bit” kompaniyasining maslahatchilari loyihani boshqarish jarayonlarini avtomatlashtirish bo‘yicha quyidagi tadbirlarni o‘tkazishni tavsiya qildilar:
– loyihalarning barcha bosqichlarda bajarilishini nazorat va monitoring qilish imkonini beruvchi ixtisoslashtirilgan axborot mahsulotlarini joriy etish;
– normativ-ma’lumotlarni boshqarishning ixtisoslashtirilgan tizimini joriy etish va uni Jamiyatda qo‘llanilayotgan IT-tizimlar bilan integratsiyalash, shuningdek, kelajakda joriy etish rejalashtirilgan tizimlar va ilovalar bilan integratsiya qilish imkoniyatini ko‘rib chiqish;
– texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash jarayonlarini avtomatlashtirish, texnik xizmat ko‘rsatishning ilg‘or axborot tizimini joriy etish.
Maslahatchilar tomonidan "O‘zbekneftgaz" AJning O‘zbekiston Respublikasidagi oliy o‘quv yurtlari va kasb-hunar texnik bilim yurtlari bilan hamkorligi e’tirof etildi.
Uchrashuv yakuni bo‘yicha mas’ul xodimlarga maslahatchilarning tavsiyalarini atroflicha ishlab chiqish, tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.