October 11

Ilg‘or muhandislar tayyorlovchi yangi maktab ochildi

Ruscha

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi va Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti hamkorligida "Gaz-kimyo va energetika" ilg‘or muhandislik maktabi o‘z faoliyatini boshladi.

Bu ikki yillik amaliy magistratura dasturlarini joriy etish orqali yangi avlod muhandislarini tayyorlashga qaratilgan muhim qadamdir. Ilg‘or muhandislik maktabi iqtisodiyotning yuqori mahsuldorlikka ega va eksportga yo‘naltirilgan tarmoqlari uchun mutaxassislar tayyorlashda muhim ahamiyatga ega.

Maktabning asosiy maqsadi - sanoat hamkorlarining ehtiyojlari va zamonaviy atrof-muhit talablarini hisobga olgan holda kreativ va tadqiqotchi muhandislar tayyorlashdir.

Maktab zamonaviy o‘quv binosi, 4 ta amaliy mashg‘ulot xonasi, axborot-resurs markazi va sanoat laboratoriyalarini o‘z ichiga oladi. Mutaxassisliklar neft va gazni qayta ishlash texnologiyasi, elektr ta’minoti va kimyoviy texnologiya kabi sohalarni qamrab oladi.

O‘qituvchi mutaxassislar tarkibida institut professorlari, chet ellik o‘qituvchilar va Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi tajribali mutaxassislari ishtirok etadi.

2024-2025 o‘quv yilida 24 nafar magistr, 6 nafar yosh olim va doktorantlar ilmiy tadqiqot ishlarini olib borish uchun tayyorlanadi. Korxonaning ilmiy texnologik muammolari bo‘yicha 3 milliard so‘mlik 3 ta ilmiy loyiha bajariladi. 2025-2026 yillarda 20 dan ortiq magistrlik va 3 ta doktorlik dissertatsiyasi himoya qilinishi, 2 ta innovatsion ishlanma ishlab chiqarishga joriy etilishi rejalashtirilgan.

Majmua va institut olimlari hamkorligida ikki ilmiy ixtiroga talabnoma topshirilishi va 10 dan ortiq mavzu bo‘yicha muhandislik yechimlar ishlab chiqilishi kutilayotir.

Bu ilg‘or muhandislik maktabi mamlakatimizda mutaxassislar tayyorlash jarayonini zamonaviy talablar asosida qayta tashkil etish va sanoatga yordam berishda katta ahamiyatga ega.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati

web-sayt | instagram | telegram | youtube | facebook