Komplayens nazorat: chorak sarhisobi va vazifalar ustuvorligi
Taʼkidlash joizki, Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashishda davlat siyosatining samarali amalga oshirilishini taʼminlash hamda ushbu illatning oqibati bilan emas, balki sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish boʻyicha milliy amaliyot tatbiq etilgan.
Bu borada davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, korrupsiya illatining oldi olinmasa, haqiqiy ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaratib boʻlmaydi, umuman, jamiyatning birorta tarmogʻi rivojlanmaydi.
“Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisining Komplayens va korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha oʻrinbosari Zohid Karayev boshchiligida oʻtkazilgan yigʻilishda Jamiyat komplayens nazorat tizimining joriy yil 1-chorak faoliyati sarhisob qilinib, kelgusidagi ustuvor vazifalari belgilab olindi.
Yigʻilish kun tartibidagi masala yuzasidan Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat departamenti tomonidan joriy yilning 1-choragi davomida xavf-xatarlarni baholash va minimallashtirish, moliyaviy xato-kamchiliklarni aniqlash, bartaraf etish va oldini olish yoʻlida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi. Shu bilan birga, ayrim korxona va tashkilotlarda mavjud kamchiliklar tanqidiy tahlil qilinib, ularni bartaraf etish boʻyicha aniq koʻrsatmalar berildi.
Shuni alohida taʼkidlash joizki, korporativ madaniyatning ajralmas qismi sifatida “Oʻzbekneftgaz” AJ xodimlari tomonidan respublika qonunchiligi, ichki siyosat va jarayonlar, shuningdek korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi yuqori professional va ahloqiy meʼyorlarga rioya etilishi taʼminlanmoqda.
Shunday boʻlishiga qaramasdan, tizimdagi korxona va tashkilotlarda 2026-yilning 1-choragi davomida oʻtkazilgan oʻrganishlar natijasida, qonunchilik normalari buzilishi holatlari aniqlanib, ularni bartaraf etish va kelgusida yoʻl qoʻyilmasligi yuzasidan tegishli choralar koʻrilmoqda.
Yigʻilish davomida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish, manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻymaslik, xarid jarayonlarini muntazam monitoring qilish, korxona va tashkilotlarda seminar-treninglar oʻtkazib borish kabi bir qator ishlar va bajarilishi lozim boʻlgan rejalar belgilab olindi.
Taʼkidlanganidek, belgilangan vazifalarning izchil amalga oshirilishi yarim yillik va yil yakuni boʻyicha yuqori natijalarga erishishda muhim omil boʻlib xizmat qiladi.