Nega 4 yil deganda “GTL” zavodi endi to‘liq quvvatga chiqdi?
Ayni kunlarda "O‘zbekneftgaz" AJ Boshqaruv raisi boshqarma va zavodlar mas’ullari taqdimoti bilan tanishmoqda.
“Uzbekistan GTL” MCHJ faoliyatiga bag‘ishlangan yig‘ilishda korxonaning bugungi holati, moliyaviy ko‘rsatkichlari, mavjud muammolar va kelgusi yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar ochiq va tanqidiy muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, strategik ahamiyatga ega mazkur zavod 2021 yilda ishga tushirilgan bo‘lsa-da, faqat 2025 yilga kelib to‘la quvvat bilan ishladi. Holbuki, ushbu korxona gazni qayta ishlash orqali 4–5 barobar yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulot ishlab chiqarish imkoniyatiga ega.
Yig‘ilishda Boshqaruv raisi tomonidan “Uzbekistan GTL” MCHJ faoliyatida yillar davomida saqlanib qolayotgan tizimli muammolar keskin tanqid qilindi. Xususan, loyiha ishga tushirilganiga to‘rt yil bo‘lganiga qaramasdan texnologik nuqsonlar to‘liq bartaraf etilmagani, avariyaviy to‘xtashlar davom etayotgani va bu holatlar korxona moliyaviy barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani ta’kidlandi.
Mas’ullarga amalda sodir bo‘lgan rejasiz avariyaviy to‘xtalishlarni chuqur tahlil qilgan holda texnologik xavflar va sabablarni to‘liq o‘rganib chiqish hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha qat’iy chora tadbirlar Dasturi ishlab chiqish topshirildi.
2026 yilda ishlab chiqarish hajmlarini 15–20 foizga oshirish, shu jumladan zavodni tabiiy gaz bilan ta’minlashda respublika iste’molchilari ulushiga ta’sir qilmagan holda alternativ manbalarni aniqlash bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar berildi.
Shuningdek, dizel yonilg‘isining ichki bozorda realizatsiyasini yanada ko‘paytirish bo‘yicha qat’iy topshiriqlar berildi. Naftani qayta ishlab, qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish, eksport va ichki bozorda sotish bo‘yicha aniq takliflar tayyorlash vazifasi yuklatildi.
Ma’lumki, xalqaro aviakompaniyalar qoida tariqasida yirik xab-aeroportlarda aviayoqilg‘ini ulgurji va nisbatan arzon narxlarda xarid qiladi. Shuni inobatga olgan holda ularni O‘zbekiston hududida yoqilg‘i quyishga qiziqtirish maqsadida iqtisodiy jihatdan maqbul sharoitlar yaratish bo‘yicha mas’ullarga aniq ko‘rsatmalar berildi.
Boshqaruv raisi autsorsing masalasida qarorlar avvalo, uning iqtisodiy samaradorligi va ish sifatiga qo‘shayotgan hissasi asosida qabul qilinishi lozimligini ta’kidladi. Shu bilan birga, bu amaliyot zavodning ijtimoiy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi, xususan, bog‘bon, farrosh kabi yordamchi va xizmat ko‘rsatuvchi lavozimlarda mehnat qilayotgan oddiy ishchilar hisobidan shtatlarni qisqartirish orqali amalga oshirilmasligi kerakligini alohida qayd etildi.
Yig‘ilish yakunida Boshqaruv raisi tomonidan barcha mas’ullarga aniq muddatlar, raqamlar va javobgarlik bilan bog‘liq topshiriqlar berildi. Asosiy maqsad — “Uzbekistan GTL”ni haqiqiy iqtisodiy samara beradigan, ichki bozor ehtiyojlariga xizmat qiladigan va davlat manfaatlariga mos ishlaydigan korxonaga aylantirish ekani ta’kidlandi.