July 13, 2023

Sho‘rtan gaz kimyo majmuasiga polietilen chiqindilarni maydalovchi qurilma o‘rnatiladi

Ruscha

Sho‘rtan gaz kimyo majmuasiga qarashli "Qarshitermoplast" sexining asosiy liniyalarida ta’mirlash va modernizatsiya ishlari olib borilmoqda.

Ushbu sex polietilen granulasidan egiluvchan va bosimga chidamli bo‘lgan quvurlarni ishlab chiqarishga mo‘ljallangan. Uzoq muddat davomida uzluksiz ishlatilib kelinayotgan ikkita qurilmada yuzaga kelgan ortiqcha tebranishlar sexning ishlab chiqarish quvvatini pasayishiga sabab bo‘layotgan edi.

Muammoni bartaraf etish maqsadida qurilmalardagi eskirgan ehtiyot qismlar yangisiga almashtirildi. Natijada ularning ishlab chiqarish quvvati 30 foizdan 75 foizga, samaradorlik ko‘rsatgichi esa 45 foizdan 70 foizga oshdi.

Bundan tashqari issiqlik almashinish apparatining ichki quvurlari maxsus bosim ostida tozalangandan so‘ng, qurilmaning sovitish samaradorligi 70 foizga ortdi.

Hozirgi kunda polietilen chiqindilarni maydalovchi qurilma hamda bosimga chidamli quvurlarni ishlab chiqarishga mo‘ljallangan ekstruder liniyalarini o‘rnatish va montaj ishlari olib borilmoqda.

Ta’mirlash, modernizatsiya ishlari majmuaning ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, belgilangan rejalarni o‘z vaqtida bajarish imkoniyatini beradi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati

web-sayt | instagram | telegram | youtube