“Dolzarb 100 kunlik”ning 50 kunligida qanday natijalarga erishildi?
Bugungi brifing “Oʻzbekneftgaz”da boshlangan “Dolzarb 100 kunlik” dasturining teng yarmi, 50 kunligida erishilgan natijalarga bagʻishlanadi. Eʼtiboringizga havola etiladigan raqamlarda Jamiyatda geologiya-qidiruv ishlari, burgʻilash, ishlab chiqarish hamda iqtisodiy-ijtimoiy yoʻnalishlarda qisqa vaqt ichida qayd etilgan samaralar haqida soʻz boradi.
“Dolzarb 100 kunlik” doirasida eng avvalo, Jamiyatni moliyaviy sogʻlomlashtirish, xarajatlarni maqbullashtirish orqali samaradorlikka erishish, mablagʻlarni birinchi navbatda geologiya qidiruv ishlari, texnik tadbirlar, qazib chiqarish hamda qayta ishlashga yoʻnaltirishga asosiy eʼtibor qaratilmoqda.
Sarf-xarajatlarni qisqartirish natijasida dastlabki ikki oyda qoʻshimcha 1,1 trln soʻm samaraga erishilganini alohida taʼkidlash oʻrinli.
Oʻtgan qisqa davr mobaynida neft va gaz qazib chiqarish, uglevodorodlar zaxirasini oshirishda ustuvor hisoblangan geologiya qidiruv, 3D seysmika natijalari asosida yangi istiqbolli maydonlarni aniqlash hamda izlov-qidiruv quduqlarini burgʻilash ishlari amalga oshirildi.
Respublikadagi kon va maydonlarning chuqur geologik tuzilishini oʻrganish hamda izlov burgʻilashga yangi stukturalar aniqlash maqsadida jami 6500 kv.km hajmda 3D seysmik qidiruv ishlari oʻtkazilishi belgilandi. Eʼtibor bering, bu oʻtgan yilga nisbatan 2,5 baravar koʻp.
Alohida qayd etish joizki, bu yil “Oʻzbekneftgaz” tarixidagi eng katta xajmda burgʻilash ishlari amalga oshiriladi. Bu yil Jamiyat
103 ta quduq, shu jumladan, 58 ta izlov-qidiruv qudugʻi, 45 ta ishlatish qudugʻini burgʻilashni reja qilgan.
Geologiya qidiruv ishlarini jadallashtirish, yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish maqsadida 20 ta investitsiya bloki uchun ruxsatnomalar olindi.
Geologiya-qidiruv asbob-uskuna parkini modernizatsiya qilish hamda ularga zamonaviy uskunalarni jalb qilish maqsadida 12 ta burgʻilash dastgohi, 2 ta 3D seysmik majmua va 100 dan ortiq karotaj asbobini xarid qilish yuzasidan xorijiy hamkorlar bilan muzokaralar olib borildi.
Jamiyatda shuningdek, tovar-moddiy resurslar narxlarini maqbullashtirish, yuqori foizli kreditlar boʻyicha stavkalarni pasaytirish, qoʻriqlash tizimini raqamlashtirish orqali xarajatlarni kamaytirish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Debitor qarzdorliklarni undirish, ishlab chiqaruvchilar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar natijasida tovar moddiy resurslar va xizmatlar narxlari pasaytirish orqali 766 mlrd soʻm iqtisod qilindi. Bu koʻrsatkich yil yakuniga qadar 2,5 trln soʻmga yetishi kutilmoqda.
Shuningdek, sohaga oid boʻlmagan aktivlarni tasarrufdan chiqarish orqali saqlash xarajatlari dastlabki ikki oyda 3 mlrd soʻmga qisqartirildi, yil oxirigacha qoʻshimcha 33 mlrd soʻm iqtisod qilish rejalashtirilgan. Qurilish va burgʻilash loyihalari qiymatini optimallashtirish hisobiga esa yil boshidan 154 mlrd soʻm tejaldi va yil yakunida mazkur koʻrsatkich 1,7 trln soʻmga yetishi prognoz qilinmoqda.
Bundan tashqari Markaziy apparatda xodimlar funksiyalarini qayta taqsimlash, takrorlanayotgan vazifalarni birlashtirish orqali xodimlar soni 875 nafardan 610 nafar (29 foiz)ga optimallashtirildi. Qoʻriqlash xizmatini raqamlashtirilishi va laboratoriyalarning yangicha tizimda ishlashi natijasida 700 ga yaqin yangi ish oʻrni yaratishi belgilandi.
Jamiyatda inson kapitaliga ustuvor ahamiyat qaratilib, xodimlar manfaati alohida muhim yoʻnalish sifatida belgilandi. Chunki, tarmoqda barqaror rivojlanish avvalo, inson kapitaliga bogʻliq. Biz yuqorida qayd etgan iqtisodiy samaraning maʼlum bir qismi quyidagi muhim ijtimoiy loyihalarni moliyalashtirishga qaratiladi.
Xususan, xodimlarning oylik maoshlarini oshirish, issiq ovqat, mavsumiy oyoq kiyim bilan taʼminlash, talabga javob bermaydigan eski avtobuslar oʻrniga xavfsiz va qulay boʻlgan, zamonaviy avtobuslar sotib olish, 200 oʻrinli yotoqxona, 160 oʻrinli oshxona va konferens zali qurilishi uchun 280 mlrd soʻm mablagʻ ajratiladi.
Shuningdek, kon va obyektlarda mavjud ishchilar shaharchasidagi yotoqxona, xojatxona, yuvinish va oshxonalarning bosqichma-bosqich kapital taʼmirlanishi, gigiyenik anjomlarni yangilash hamda zarur maishiy jihozlarni xarid qilish va kiryuvish xonalarini tashkillashtirishga ham mablagʻlar yoʻnaltiriladi.
Dasturning yana bir asosiy maqsadi — tabiiy gaz va neft mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish. Xususan, joriy yilning oʻtgan davrida Jamiyat tomonidan
· tozalangan tabiiy gaz 2,276 mlrd m3 (rejaga nisbatan 109,4%),
· gaz kondensati 78,2 ming tonna (rejaga nisbatan 109,1%),
· suyultirilgan gaz 85,7 ming tonna (rejaga nisbatan 108,2%),
· oltingugurt 28 ming tonna (rejaga nisbatan 124%),
· polietilen mahsuloti 21 ming tonna (rejaga nisbatan 104,2%) ishlab chiqarildi.
Ijtimoiy soha talabini qondirish maqsadida aholi va xususiy tadbirkorlarga 88,8 ming tonna (rejaga nisbatan 111,6%) suyultirilgan gaz yetkazib berildi.
Bugungi kunda “Uzbekistan GTL” MCHJ tomonidan sintetik neft mahsulotlarini barqaror ishlab chiqarish taʼminlanmoqda. Taʼkidlash joizki, belgilangan tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish natijasida zavodda oʻtgan yilgi koʻrsatkichlarga nisbatan 33 ming tonna koʻp sintetik neft mahsuloti ishlab chiqarilib, oʻsish surʼati
318 foizni tashkil etdi.
Qayd etish joizki, 50 kunlik natijalar tizimda belgilangan qisqa muddatdagi taktik choralar emas, balki tarmoqni tubdan yangi bosqichga olib chiqish, transformatsiya qilishga qaratilgan muhim, strategik ahamiyatga ega islohotlar natijasidir.