Jurnalistlar uchun press-tur tashkil etildi
Bugun "O‘zbekneftgaz" aksiyadorlik jamiyatida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur tashkil etildi.
Unda dastlab Jamiyatning yuragi hisoblangan Modellashtirish markazi faoliyati haqida batafsil ma’lumot berildi.
Modellashtirish markazi faoliyati davlatimiz rahbarining 2020 yil 5 oktyabrdagi “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida yo‘lga qo‘yilgan.
Uglevodorod konlarini 3D usulda modellashtirish, mavjud geologik-texnik ma’lumotlarni raqamlashtirish va yagona ma’lumotlar bazasini shakllantirish hamda uni doimiy ravishda yuritish markazning asosiy faoliyati hisoblanadi.
2019-2023 yillar mobaynida markaz tomonidan “O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi 7200 dan ortiq quduq bo‘yicha 470 mingga yaqin geologik va texnik ma’lumotlar, 1400 dan ortiq quduq bo‘yicha 44 mingta geofizik tadqiqotlar natijalari, 5476 km kv. va 750 ta seysmik ma’lumotlar raqamlashtirilgan.
Jurnalistlar Markaziy ishlab-chiqarish dispetcherlik xizmatida quduqlardan qazib olinayotgan neft va gaz, joylarda olib borilayotgan burg‘ilash va kapital ta’mirlash ishlari, mahsulot quyish estakadalaridagi qoldiqlar, mahsulotlarni iste’molchilarga yetkazib berish holatlari bo‘yicha ma’lumotlarni tezkor onlayn tarzda to‘plash jarayonlarida ishtirok etishdi.
Shundan so‘ng, “O‘zLITIneftgaz” AJ binosida mutaxassislar tomonidan “E-kon” loyihasi doirasida konlarni raqamlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Qayd etish joizki, ushbu loyiha 1400 dan ortiq quduq, 150 dan ortiq gaz yig‘ish punkti va 14 ta gaz tozalash inshootini bosim va harorat sensorlari bilan jihozlashni ko‘zda tutadi. Ulardagi ma’lumotlar simsiz aloqa orqali foydalanuvchilar uchun maxsus serverlarga uzatiladi.
Bugungi kunga qadar har bir kon bo‘yicha 340 tagacha axborot oqimi yagona dasturiy-texnik kompleksida tizimli ravishda bog‘landi. Kamida 20 ming axborot oqimini “O‘zbekneftgaz” AJning barcha konlari uchun yagona raqamlashtirish bazasiga birlashtirish imkonini beruvchi global arxivator yaratildi.
Yakunda OAV vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mas’ullardan batafsil javoblar olishdi.