Xitoy banki bilan oʻzaro manfaatli moliyalashtirish shartlari koʻrib chiqildi
Bugun “Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Abdugʻani Sanginov Xitoy Xalq Respublikasining Shinjon-Uygʻur avtonom rayonidagi "Eksport-import banki" (Eksimbank) vitse-prezidenti Ye Linszyun bilan videokonferensaloqa orqali uchrashuv oʻtkazdi.
Unda tomonlar oʻzaro manfaatli moliyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish, import loyihalarini moliyalashtirish hamda yangi kredit liniyasi boʻyicha takliflarni muhokama qildilar.
Muzokaralar chogʻida "Eksimbank" tomonidan yangi kredit liniyasi taklif etilgani qayd etildi. Bank moliyalashtirish shartlarini yanada maqbullashtirish, jumladan, foiz stavkasini pasaytirish va kredit muddatini uzaytirishga tayyor ekanini bildirdi.
Tomonlar muhokama etilgan shartlar oʻzaro manfaatli yechimga erishish va uzoq muddatli hamkorlikni davom ettirishga xizmat qilishini qayd ettilar. Muzokaralarni belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha davom ettirishga kelishib olindi.