Birja savdolariga chiqarilayotgan kunlik avtobenzin hajmi toʻrt barobar oshirildi
Sovuq havo oqimi natijasida ayrim hududlardagi avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor shoxobchalari (gaz zapravkalar) faoliyatiga kiritilayotgan qisqa muddatli cheklov munosabati bilan birja savdolariga chiqarilayotgan avtobenzin hajmi vaqtinchalik ikki karra oshirilgani haqida xabar berilgan edi.
2024-yil 6-dekabr kuniga qadar birja savdolariga chiqarilayotgan AI-80 rusumidagi avtobenzin hajmi 2000 ming tonnani tashkil etgan boʻlsa, ushbu miqdorlar 10-dekabr kunidan boshlab oʻrtacha toʻrt barobar oshirilib, hozirgi vaqtda 8000 tonnadan qoʻyib borilmoqda.
Bundan tashqari, AI-92 rusumli avtobenzinni birja savdolarida sotish hajmi ham oshirilib, kunlik 4000 tonnaga yetkazildi.
2024-yil 13-dekabr kuni ham yana 8000 tonna AI-80 markasidagi avtobenzin birja savdolariga qoʻyilgan boʻlib, uning 7780 tonnasi xaridorlar tomonidan sotib olindi.
Birja savdolariga joylashtirilayotgan avtobenzin hajmini talab va taklifdan kelib chiqib, yanada oshirish imkoniyati mavjud.
Energetika vazirligi va “Oʻzbekneftgaz“ AJ Axborot xizmatlari.