“O‘zbekneftgaz”AJ hamda AQSHning “Air Products” kompaniyasi rahbariyati o‘rtasida istiqboldagi rejalar muhokama qilindi
2023 yilning 25 may kuni "Air Products" kompaniyasining Direktorlar kengashi raisi, prezidenti va bosh direktori Seyfi Gasemi boshchiligidagi delegasiya a’zolari “O‘zbekneftgaz” AJga tashrif buyurdi.
Dastlab, xorijiy delegasiya a’zolari "O‘zbekneftgaz" AJ Konlarni ishlatish departamentining Modellashtirish markazi faoliyati bilan tanishtirildi.
Modellashtirish markazi tomonidan bugungi kunda amalga oshirilayotgan loyihalar bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etildi.
Qayd etish joizki, Modellashtirish markazi neft va gaz konlarini ishlatishda yuzaga keladigan muammolarni bartaraf etishning yechimlarini ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi.
Ayni paytda markaz tomonidan neft va gaz konlarining yer osti hamda yer usti qismlarini birlashtirish va ularni tahlil qilish imkonini beruvchi integratsiyalashtirilgan modellashtirishga kirishilgan.
Bunday Modellashtirish markazlari “Saudi Aramco”, “ExxonMobil”, “BP”, “Shell” kabi jahonning yetakchi neft va gaz kompaniyalarida mavjud bo‘lib, ularda ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, harajatlarni optimallashtirish ҳамда neft va gaz ishlab chiqarish jarayonlarini yaxshilash uchun foydalaniladi.
Modellashtirish markazi faoliyati bilan tanishuvdan so‘ng "O‘zbekneftgaz" AJ hamda AQSHning “Air Products” kompaniyasi rahbariyati o‘rtasida hamkorlik doirasida kelgusida amalga oshiriladigan rejalar muhokama qilindi.