Chuqur quduqlar, Xitoy tajribasi va natijaga eltuvchi yo‘l
“Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Abdugʻani Sanginov boshchiligidagi ishchi guruhning Qoraqalpogʻistondagi safari davomida Moʻynoq tumani hududida joylashgan “Qiziljar” konida olib borilayotgan burgʻilash ishlari yana bir bor atroflicha oʻrganildi.
Maʼlumki, bir oy avval mazkur konda burgʻilanayotgan quduqlarda amalga oshirilayotgan ishlar, yangi uglevodorod zaxiralarini aniqlashga qaratilgan loyihalar hamda burgʻilash jarayonlarining borishi Boshqaruv raisi tomonidan bevosita nazoratga olingan edi. Oʻshanda masʼullarga ishlar surʼatini oshirish, texnologik intizomga qatʼiy rioya qilish va har bir quduq boʻyicha belgilangan vazifalarni oʻz vaqtida bajarish boʻyicha tegishli topshiriqlar berilgandi.
Navbatdagi oʻrganish davomida mazkur topshiriqlar ijrosi, burgʻilash ishlarining bugungi holati hamda quduqlarni foydalanishga tayyorlash jarayonlari koʻrib chiqildi.
Ishchi guruh “Oʻzbekneftgaz” tizimi korxonalari tomonidan burgʻilanayotgan quduqlar bilan bir qatorda Xitoyning “CNPC Xibu Drilling Engineering Company Ltd” kompaniyasi tomonidan olib borilayotgan ishlar bilan ham tanishdi. Bunda burgʻilash texnologiyalari, ishlarni tashkil qilish tizimi, vaqtdan samarali foydalanish va chuqur quduqlarda ishlash boʻyicha ilgʻor yondashuvlar muhokama qilindi.
Oʻrganish jarayonida “UNG Burgʻilash” mutaxassislarining xorijiy hamkorlar bilan birgalikda chuqur quduqlarni burgʻilash, sementlash hamda murakkab geologik sharoitlarda ishlash boʻyicha xalqaro tajribani oʻzlashtirayotganiga alohida eʼtibor qaratildi. Mutaxassislar bilan muloqot davomida bilim va tajriba almashinuvini yanada kengaytirish, zamonaviy texnologiyalarni amaliyotga keng joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Abdugʻani Sanginov har bir quduqning oʻz vaqtida va sifatli ishga tushirilishi nafaqat loyihalar samaradorligi, balki yangi zaxiralarni tezroq iqtisodiyotga jalb qilish nuqtayi nazaridan ham muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi.
Neft-gaz qidiruv ishlarida natijaga eltuvchi yoʻl, avvalo, infratuzilmadan boshlanadi. Shu nuqtayi nazardan, ishchi guruh “Qiziljar” konida quduqlarga eltuvchi 6,2 kilometrlik avtomobil yoʻli qurilishini ham koʻzdan kechirdi. Bugungi kunda yoʻlning asosiy qismi qurib tugatilgan boʻlib, soʻnggi 1,8 kilometrda ishlar davom etmoqda. Mazkur yoʻl orqali ogʻir burgʻilash texnikasi va zarur uskunalarni ish maydonlariga tezkor yetkazish, quduqlar oʻrtasida uzluksiz harakatni taʼminlash imkoniyati yaratiladi. Boshqaruv raisi qurilish sifati keyingi yillarda ham oʻzini oqlashi lozimligini taʼkidlab, yoʻlning yogʻingarchiliklar va murakkab iqlim sharoitlariga chidamli boʻlishi yuzasidan masʼullarga aniq vazifalar belgilab berdi.
Taʼkidlanganidek, Qiziljar konida olib borilayotgan ishlar yangi uglevodorod zaxiralarini aniqlash, resurs bazasini kengaytirish va mamlakat energetika xavfsizligini mustahkamlashga xizmat qiladi. Shu bois har bir jarayon doimiy nazoratda saqlanib, belgilangan rejalarning toʻliq va sifatli bajarilishi taʼminlanadi.