Xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan nazorat tadbirlari kuchaytirilmoqda
“O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan ishlab chiqarish korxonalarida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan baxtsiz hodisalarning oldini olish, xavf-xatarsiz faoliyat kafolatini ta’minlash maqsadida doimiy nazorat tekshiruvlari olib boriladi.
Navbatdagi monitoring tadbirlari Buxoro va Navoiy viloyatlarida joylashgan ob’yektlarda o‘tkazildi. Unda Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi, “O‘zneftgazquduqta’mirlash” AJ, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi, Uchqir xarbiylashtirilgan gazdan qutqarish otryadi, “Maxsusenergogaz” AJ, “O‘zneftgaz burg‘ilash ishlari” MCHJ, “Muborakneftgazsuvta’minot” MCHJ, “Buxoro neft bazasi” MCHJ, “Navoiy neft bazasi” MCHJlar, ularga qarashli AYOQSHlarda sanoat, ekologiya va mehnat xavfsizligi, sog‘liqni muhofaza qilish holatlari o‘rganildi.
Korxonalarda mas’ullarga xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish, ishlarni namunali tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. O‘rganishlar Buxoro neftni qayta ishlash zavodi, Uchqir xarbiylashtirilgan gazdan qutqarish otryadi, “Maxsusenergogaz” AJda bu borada belgilangan tartiblarga amal qilinganligini ko‘rsatdi.
Mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik texnikasi, gaz, yong‘in, elektr xavfsizligi yo‘nalishlari hamda xavfsizlik madaniyatini rivojlantirish va risk bilan ishlash yo‘nalishi bo‘yicha kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 39 nafar xodim ogohlantirilib, 7 nafariga nisbatan intizomiy chora ko‘rildi.
Shuningdek, atrof-muhitni muhofaza qilish, mehnat xavfsizligini ta’minlash, jarohatlanishlar, kasb kasalliklarining oldini olish bo‘yicha aniqlangan nomuvofiqliklarni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar qilinib, ijrosi yuzasidan mas’ul xodimlarga topshiriqlar berildi.