February 20

“O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi ishlab chiqarish korxonalari faoliyatini maxsus samaradorlik indekslari asosida baholash tizimi va uning natijalariga bag‘ishlangan Brifing

Ruscha

Avval xabar berilganidek, "O‘zbekneftgaz" AJda Jamiyat tasarrufidagi ishlab chiqarish korxonalari faoliyatini maxsus samaradorlik indekslar asosida baholash tizimi joriy etilgan. Ya’ni, korxonalar — Ishlab chiqarish samaradorligi indeksi, Texnologiya samaradorligi indeksi, Energiya samaradorligi indeksi hamda  Quduqlarning ishlatish koeffisiyenti asosida doimiy o‘rganilib, baholab boriladi.

O‘tgan yil yakunlari bo‘yicha tahlil natijalariga ko‘ra, Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi va Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida asosiy indekslarda sezilarli yaxshilanishlar qayd etildi. 

Jumladan, Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi qayta ishlash hajmining 1 mlrd 889 mln kub metrga oshishi natijasida ishlab chiqarish samaradorligi indeksi 12,3 foizga, Buxoro neftni qayta ishlash zavodida neft mahsulotlarining ishlab chiqarish hajmi 75,4 ming tonnaga ko‘payishi hisobiga samaradorlik indeksi 3,7 foizga, Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida qayta ishlash hajmi 5,7 ming tonnaga oshishi natijasida samaradorlik ko‘rsatkichi 3,6 foizga yaxshilandi. Qayd etish joizki, majmuada polietilen va suyuq uglevodorodlar ishlab chiqarish mos ravishda 5,7 ming va 10,6 ming tonnaga ko‘paygan.

Shuningdek, qator korxonalarda ishonchlilik darajasining oshishi ishlab chiqarishdagi yo‘qotishlarning kamayishiga olib keldi. Xususan, Muborak va Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalarida rejadan tashqari to‘xtalishlar soni kamayishi evaziga yo‘qotishlar mos ravishda 25 mln 326 ming metr kub va 9 mln 453 ming metr kubga qisqardi.

Energiya sig‘imini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlarning o‘z vaqtida amalga oshirilishi natijasida Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi va Buxoro neftni qayta ishlash zavodida energiya samaradorligi indeksi yaxshilangan. Natijada, 2023 yilga nisbatan Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida ming metr kub tabiiy gazni qayta ishlash uchun energiya resurslari sarfi 2,9 foizga va Buxoro neftni qayta ishlash zavodida 1 tonna xom ashyoni qayta ishlash uchun energiya resurslari sarfi 3,4 foizga kamaydi.

"O‘zbekneftgaz" AJ Axborot xizmati

web-sayt | instagram | telegram | youtube | facebook