October 2

Yosh mutaxassislar Yevropada malaka oshirib qaytdi

“Uzbekistan GTL” MCHJ zavodining 8 nafar yosh mutaxassisi Germaniya va Niderlandiyada joylashgan “Flowserve” kompaniyasi zavodlarida xalqaro treninglarda ishtirok etib, o‘z malakasini oshirdilar.

O‘quv jarayonida nasos, kompressor, quvurlar konstruksiyasi, ularni loyihalash, texnik chizmalar hamda yordamchi tizimlar bilan atroflicha tanishildi.

Amaliyot mashg‘ulotlarida uskunalardagi nosozliklarni aniqlash va bartaraf etish, profilaktika ishlarini samarali olib borish, shuningdek, qurilmalarni montaj va demontaj qilish jarayonlari o‘rgatildi.

Treningning muhim qismi sifatida sifat nazorati, gaz muhrlash tizimlari va sanoat xavfsizligida zamonaviy yondashuvlarga alohida e’tibor qaratildi. “Flowserve” ishlab chiqarish bo‘linmalariga tashriflar esa mutaxassislarga “Uzbekistan GTL” zavodida qo‘llanilayotgan ilg‘or texnologiyalarning jonli jarayonlarini ko‘rish imkoniyatini berdi.

Ma’lumot uchun: 1790 yilda tashkil topgan va AQSHning Texas shtatidagi Irving shahrida joylashgan “Flowserve” dunyodagi eng yirik nasos, klapan va zichlagich ishlab chiqaruvchilardan biri hisoblanadi. Kompaniya 55 dan ziyod davlatga neft-gaz, kimyo, energetika va boshqa tarmoqlarga yuqori texnologiyali uskunalarni yetkazib beradi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati