Yesterday

Xaridlarda mahalliy mahsulotlar ulushini oshirish bo‘yicha yangicha yondashuv amalga kiritildi

Xaridlarda mahalliy mahsulotlar ulushini oshirish bo‘yicha yangicha yondashuv amalga kiritildi

Davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan murojaatnomasida xaridlarda mahalliy mahsulotlar ulushini 85 foizga yetkazish belgilangan.
Shundan kelib chiqib, “O‘zbekneftgaz AJ”da “dolzarb 100 kunlik” doirasida mahalliylashtirish va kooperatsiya yo‘nalishi bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan edi.
Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 11 martdagi 159-son qaroriga asosan davlat va korporativ xaridlarda shaffoflikni oshirish, tadbirkorlik sub’yektlariga importga raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun sharoit yaratish va ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan eko-tizim (ekoplatforma.uz) platformasida yangi tizimda ishlash yo‘lga qo‘yildi.
Kuni kecha eko-tizimda burg‘ilash va qazib chiqish jarayonida talab yuqori bo‘lgan quduq osti kompressor stansiyasini qurish xizmati, to‘g‘ri chokli payvandlangan po‘lat quvurlar, choksiz po‘lat quvurlar, quduq osti va favvora uskunalar, yuqori bosimga chidamli quvurlar, nasos-kompressor quvurlari, vintli quduq tubi dvigatellari kabi jami 20 ga yaqin tovar pozisiyalari bo‘yicha ma’lumotlar joylashtirildi.

Mazkur tovar turlarini mahalliylashtirish yuzasidan tadbirkorlik sub’yektlaridan kelib tushgan takliflar ichki komissiya tomonidan ko‘rib chiqilib, tizim korxonalarida laboratoriya hamda sanoat-tajriba ishlari tashkil qilinadi.

Aytish joizki, ushbu yangi tizim mahalliy sanoatni qo‘llab-quvvatlash maqsadida sinov ishlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan mahsulotlar bo‘yicha kafolatlangan xarid shartnomalarni tuzish imkonini beradi.
Barcha tadbirkorlik sub’yektlarini hamkorlikka chaqiramiz.