March 18

Yer qaʼridan otilgan xavf: uni jilovlaydigan kuch qanday ishlaydi?

Boshqaruv raisi boshchiligidagi ishchi guruhning navbatdagi tashrifi “Oʻzbekneftgaz” AJ tizimidagi ochiq neft va gaz favvoralarining oldini olish hamda ularni bartaraf etishga ixtisoslashgan harbiylashtirilgan boʻlinmaga boʻldi.

Mazkur boʻlinma — ochiq neft va gaz favvoralarini oldini olish, bartaraf etish hamda xavfli ishlab chiqarish obyektlarida gaz xavfsizligini taʼminlashga ixtisoslashgan maxsus davlat xizmati hisoblanadi. U “Oʻzbekneftgaz” AJ tarkibiy tuzilmasi boʻlib, doimiy ravishda toʻliq jangovar shay holatda faoliyat yuritadi. Xodimlar muntazam attestatsiyadan oʻtkaziladi, boʻlinmaning oʻzi esa favqulodda qutqaruv xizmati sifatida belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtgan.

Tashrif davomida ishchi guruhga boʻlinmaning moddiy-texnik bazasi, maxsus uskunalari va avariya holatlarida qoʻllaniladigan himoya vositalari namoyish etildi. Xususan, favqulodda holatlarda ishlaydigan xodimlarning maxsus kiyimlari, yuqori bosim va haroratga chidamli himoya anjomlari, shuningdek, tezkor qaror qabul qilish uchun tashkil etiladigan maxsus shtab faoliyati boʻyicha taqdimot oʻtkazildi.

Boshqaruv raisi, shuningdek, Mono markaz faoliyati bilan tanishib, bu yerda kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malaka oshirish jarayonlarini koʻzdan kechirdi. Mexanika boʻlinmasida esa maxsus texnikalarni taʼmirlash va ularni doimiy ishchi holatda saqlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Tashrif yakunida Boshqaruv raisi mazkur boʻlinma faoliyatini yanada takomillashtirish, boʻlimdagi 1970-1980-yillarga oid texnika va texnologiyalarni zamonaviylariga almashtirish, ayniqsa xodimlarning malakasini oshirish, ularni nafaqat avariya holatlarini bartaraf etishga tayyorlash, balki unga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha bilim darajasini yanada kuchaytirish boʻyicha aniq topshiriqlar berdi. Shuningdek, xavfsizlikni taʼminlash va favqulodda holatlarning oldini olish sohasida tizimli va ilmiy yondashuvni kengaytirish zarurligi taʼkidlandi.

"Oʻzbekneftgaz" AJ Axborot xizmati