Xalqaro hamkorlar bilan birgalikda geologiya-qidiruv sohasida ilg‘or tajriba joriy etilmoqda
Davlatimiz rahbarining geologiya-qidiruv ishlarini tashkil etish uchun xorijiy tajribani jalb etish bo‘yicha topshirig‘iga binoan “Tatneft” OAJ bilan “O‘zbekneftgaz” AJ ning geologiya va geofizika sohasidagi faoliyatini yanada rivojlantirishga ko‘maklashish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Mazkur kelishuv doirasida, geologiya - qidiruv ishlarini tashkil etish bo‘yicha tajriba almashish maqsadida 2024 yilning 24 yanvar kuni
“Tatneft” OAJ Bosh direktori o‘rinbosari - Bosh geologi Rinat Aflyatunov boshchiligidagi geologlar va mutaxassislardan iborat delegatsiya “O‘zbekneftgaz” AJga tashrif buyurishdi.
Tashrif davomida, tomonlar o‘zaro neft va gaz konlari geologiyasi, qidiruv, geologik va geofizik tadqiqotlar usullari, shuningdek tegishli vazirlik va idoralar bilan ishlarni tashkil etish masalalarini muhokama qiladilar.
Bundan tashqari, "Tatneft" OAJ delegatsiyasi bilan birgalikda geologlar guruhi darajasini kuchaytirish, samaradorlikning asosiy ko‘rsatkichlarini aniqlash va zamonaviy motivatsiya usullarini joriy etish, vakolatlar darajasini oshirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Tashrif mobaynida, “Tatneft” OAJ delegatsiyasi “O‘zbekgeofizika” AJ va “Neft va gaz konlari geologiyasi hamda qidiruvi instituti” Davlat korxonasida 2D va 3D texnikasidan foydalangan holda seysmik tadqiqotlar o‘tkazish, qayta ishlash va talqin qilish sohasidagi faoliyati hamda olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar bilan tanishadi.
Shu bilan birga, “Tatneft” OAJ mutaxassislariga “O‘zbekneftgaz” AJ Modellashtirish Markazi hamda Burg‘ilashni boshqarish Markazida qo‘llaniladigan raqamli yechimlar taqdim etiladi.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, “Tatneft” OAJ mutaxassislari bilan hamkorlikda geologiya-qidiruv ishlari samaradorligini oshirishga qaratilgan strategiya ishlab chiqiladi.