Today

“Uzbekistan GTL” zavodida xalqaro ekspertlar tomonidan navbatdagi monitoring ishlari yakunlandi

“Uzbekistan GTL” zavodida mehnat muhofazasi, ekologiya va ijtimoiy mas’uliyat borasidagi ishlar xalqaro va milliy standartlar asosida baholanish ishlari davom etmoqda. Shu maqsadda zavodda “Environ Consult CIS” konsalting kompaniyasi mutaxassislari navbatdagi monitoring tashrifini amalga oshirdi.

Ushbu kompaniya – loyiha boʻyicha yordamchi banklar va moliyaviy institutlar nomidan kuzatuv olib boruvchi mustaqil ekspertlar guruhi hisoblanadi. Qoidaga ko‘ra, kredit to‘liq yopilguncha monitoring tashriflari qurilish bosqichida — yiliga ikki marta, ekspluatatsiya davrida — yiliga bir marta o‘tkaziladi.

Uch kunlik tashrif davomida ekspertlar zavod hududidagi ishlab chiqarish obyektlarini, xodimlar uchun mo‘ljallangan shaharchalarni ko‘zdan kechirib, mehnat muhofazasi, ekologik xavfsizlik, aholi salomatligiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan omillar va ijtimoiy sharoitlarni batafsil o‘rgandilar. Shuningdek, oldingi monitoring davrida berilgan tavsiyalarning ijrosi ham tekshirildi.

Tashrif yakunida korxona rahbariyati va ekspertlar ishtirokida yakuniy brifing o‘tkazildi. “Environ Consult CIS” mutaxassislari kuzatuvlar bo‘yicha o‘z xulosalarini bayon etishdi va zavodning barqaror faoliyatini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha tavsiyalarni taqdim etdilar.

“Uzbekistan GTL” PR-xizmati