Neft bazada maxsus-taktik o‘quv mashqi o‘tkazildi
“O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi “Jizzax neft bazasi” MCHJda “Tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar sodir bo‘lganda ob’yekt rahbariyati va fuqaro muhofazasi tuzilmalari harakati” mavzusida maxsus-taktik o‘quv mashqi o‘tkazildi.
Uni o‘tkazishdan maqsad favqulodda vaziyatlar ro‘y berganda ob’yekt fuqaro muhofazasi tuzilmalari shaxsiy tarkibiga xabar berish, ularni yig‘ish, saf ko‘rigini o‘tkazish va quyi tizim xizmatlari bilan hamkorlikda harakatlarni amalga oshirish ko‘nikmalarini shakllantirishdan iborat.
Mashg‘ulotda dastlab vaziyat sodir bo‘lgan joyni aniqlash, uni o‘rab olish, havodagi zararli moddalar tarkibi va umumiy vaziyatni aniqlash, jabrlanuvchilarni olib chiqib, birinchi yordam ko‘rsatish harakatlari amalga oshirildi. So‘ngra tovar-moddiy boyliklarni xavfsiz joyga evakuatsiya qilishda hamkorlikda amalga oshiriladigan harakatlar namoyish etildi.
Kuzatuvchilar ishtirokchilar tomonidan qabul qilingan qarorlar, shartli xabarlar bo‘yicha amalga oshirgan harakatlarni tahlil qilishdi. Yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va ularni bartaraf etish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Tadbir so‘ngida “Jizzax neft bazasi” MCHJ rahbariyati va fuqaro muhofazasi tuzilmalari favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilish va uni bartaraf etishga “TAYYOR” deb baholandi.