May 20, 2023

“O‘zbekneftgaz”: “O‘zbekiston neft va gazi – OGU 2023” 25-yubiley xalqaro ko‘rgazmasi hamda O‘zbekiston 3-xalqaro energetika forumi o‘z ishini yakunladi

Ruscha

Joriy yilning 18-20 may kunlari Toshkentda ochilgan “O‘zbekiston neft va gazi – OGU 2023” 25-yubiley xalqaro ko‘rgazmasi hamda O‘zbekiston 3-xalqaro energetika forumi o‘z ishini yakunladi.

O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ushbu tadbir Respublika hukumati ko‘magi ostida Energetika vazirligi, “O‘zbekneftgaz” AJ, “Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazma kompaniyasi va uning hamkori “ICA Eurasia Group”, Investisiyalar, sanoat va savdo vazirligi, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi hamda “O‘zekspomarkaz" AJ hamkorligida tashkil etildi.

Ushbu sa’y-harakatlar sabab xalqaro neft-gaz va energetika hamjamiyatining yetakchi vakillari bir joyda jamlandi. Bu yil uning doirasida quyidagi sohaviy tadbirlar o‘tkazildi:

• “O‘zbekiston neft va gazi – OGU 202” 25-Yubiley Xalqaro ko‘rgazmasi va anjumani;

• “Energetika, energiya tejash, muqobil energiya manbalari – Power Uzbekistan 2023” 16-Xalqaro ko‘rgazmasi;

• “Yashil energiya tejovchi texnologiyalar – GETCA 2023” ixtisoslashtirilgan bo‘limi;

• 3-Xalqaro energetika anjumani.

Tadbir o‘z oldiga O‘zbekiston yoqilg‘i-energetika majmuasi istiqbollarini namoyish etish va xalqaro tajribani istiqbolli loyihalarga integrasiyalashuvini maqsad qilib qo‘ygan edi va albatta missiya bajarildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xorijiy investorlar kengashining birinchi yalpi majlisidagi nutqida qabul qilingan strategiyaga muvofiq muqobil manbalardan olinadigan energiya ulushini 2026 yilga qadar umumiy ishlab chiqarish hajmidan 25 foizga yetkazish rejalashtirilayotgani ta’kidlangan edi. Shu munosabat bilan energetika sohasidagi bunday muhim tadbirlarni o‘tkazish sanoatning so‘nggi yangiliklari va rivojlanish tendensiyalarini aks ettiruvchi voqealar sifatida alohida ahamiyat kasb etadi.

“O‘zbekiston neft va gazi – OGU 202” 25-Yubiley Xalqaro ko‘rgazmasining neft-gaz, tog‘-kon va energetika tarmoqlarini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi juda katta desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ko‘rgazmaning yubileyiga 47 ta mamlakat 2500 dan ortiq ishtirokchi kompaniyalar, 250 ta homiy kompaniyalar tashrif buyurdi.

“O‘zbekneftgaz” AJ stendida 80 dan ortiq turdagi neft-gaz mahsulotlari namoyish etildi.

Shuningdek, Germaniya, Hindiston, Rossiya va Turkiya kompaniyalari Milliy ishtiroki bilan, Italiya, Kanada, Xitoy va Koreya Respublikasi kompaniyalari jamoaviy stendlari bilan ko‘rgazmada qatnashdilar.

Unda sanoat gigantlari hamda neft va gaz bozoriga endigina kirgan boshlang‘ich kompaniyalar ham ishtirok etdi.

Shunday qilib, OGU ko‘rgazma va anjumanlar kunlarida “O‘zbekneftgaz” AJ rahbariyati tomonidan 20ga yaqin xorijiy kompaniyalar prezidentlari va vakillari bilan olib borilgan uchrashuv va muzokaralar natijasida qator kelishuvlar, shartnoma hamda memorandumlar imzolanishga muvaffaq bo‘lindi.

Ozarboyjonning “SOCAR”, Kanadaning “Condor Energies”, “Golden Horizon”, AQSHning “Solar Turbines”, Daniyaning “Haldor Topsoe” neft va gaz kompaniyalari, Malayziyaning “University Technology Petronas” xalqaro universiteti va boshqa ko‘plab taniqli xorijiy va mahalliy kompaniyalari o‘rtasidagi istiqbolli hamkorlik mustahkamlandi.

Bir so‘z bilan aytganda, “OGU 2023” doirasida bugungi dunyoda ro‘y berayotgan geosiyosiy vaziyatda hamkorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish bo‘yicha xalqaro hamkorlik rejalarini birgalikda muhokama qilish uchun imkon yaratdi.

Shuningdek, “Energetika, energiya tejash, muqobil energiya manbalari – Power Uzbekistan 2023” 16-Xalqaro ko‘rgazmasi va “Yashil energetika texnologiyalari – GETCA 2023” ixtisoslashtirilgan bo‘limi ham O‘zbekiston energetika forumining bir qator tadbirlarida munosib o‘rin egalladi. Uglerod neytral energetikaga o‘tish, atrof-muhitga zararni kamaytirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar davrida ushbu tadbirlar innovasiyalar bilan tanishish va professional aloqalarni kengaytirish uchun samarali formatga aylandi.

Forum ishida Avstriya, Ozarbayjon, Armaniston, Belarus Respublikasi, Buyuk Britaniya, Vengriya, Germaniya, Daniya, Hindiston, Ispaniya, Italiya, Qozog‘iston, Kanada, Xitoy, Koreya Respublikasi, Monako, Niderlandlar, BAA, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Singapur, AQSH, Turkiya, O‘zbekiston, Fransiya, Xorvatiya, Chexiya, Shveysariya, Yaponiya kabi 29 ta mamlakatdan 400 dan ortiq kompaniya va brendlar, 50 dan ortiq ma’ruzachilar va 500 dan ortiq delegatlar tashrif buyurdi.

Ushbu nufuzli tadbirlar doirasida sohani kelajagi bo‘lmish yoshlarga alohida e’tibor ko‘rsatildi. O‘zbekiston neft-gaz va energetika sektoridagi sportchi yoshlarning “Youth Marathon” yugurishi o‘tkazildi. Forumning yoshlar dasturi doirasida yosh soha mutaxassislari "O‘zbekistonning neft-gaz tarmog‘ini rivojlantirishda yoshlarning o‘rni” mavzusida yosh olimlarning ilmiy-innovasion seminarida o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etishdi.

Neft-gaz va energetika sohasining yosh mutaxassislari o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yini, shuningdek, ilk marotaba talabalar va sohaning yosh ilmiy mutaxassislari o‘rtasida keyslar chempionati tashkil etildi.

Kelajak avlodni yashil iqtisodiyot, energiya tejash va qayta tiklanadigan energiya manbalari haqidagi tasavvurlarini shakllantirish, ekologiya va tabiatni muhofaza qilishga bo‘lgan qiziqishlarini kuchaytirish, badiiy mahoratlarini rivojlantirish hamda iste’dodlarini rag‘batlantirish maqsadida tashkil etilgan bolalar va o‘smirlar rasmlar tanlovi ham jajji qalb sohiblarida unitilmas xotira bo‘lib qoldi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati

|web-sayt|instagram|telegram|