Favqulodda holatlarga bag‘ishlangan o‘quv mashqi o‘tkazildi
"Navoiy neft bazasi" MCHJda yong‘in va portlash yuzaga kelganda tegishli xizmatlar hamkorligida amalga oshiriladigan tadbirlar sinovdan o‘tkazildi.
O‘quv mashqlaridan maqsad – yong‘in va portlash holatlarida ob’yekt rahbariyati, fuqaro muhofazasi tuzilmalari hamda favqulodda vaziyatlar tadbirlarini tashkil qilish va o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashdir.
Dastlab favqulodda vaziyat yuzaga kelganda, ob’yekt rahbariyati fuqaro muhofazasi tuzilmalari va tezkor xizmatlarga xabar berish, ularni shoshilinch yig‘ish, saf ko‘rigini o‘tkazish va barcha xavfsizlik choralarini belgilash harakatlari namoyish etildi.
Tuzilmalarni yuqori tayyorgarlik holatiga keltirish va ularni tarkibga kiruvchi tezkor xizmatlar bilan o‘zaro hamkorlikka tayyorlashga alohida e’tibor qaratildi. Bu jarayonlar tuzilmalar tomonidan favqulodda vaziyatlar o‘chog‘ini aniqlash, uni o‘rab olish va xavfsizlik choralarini amalga oshirishni qamrab oldi.
Shuningdek, avariya-qutqaruv ishlari tashkil etilib, zararli moddalar tarkibini aniqlash, vaziyatni baholash uchun razvedka tadbirlari amalga oshirildi.
Kuzatuvchilar tomonidan "Navoiy neft bazasi" MCHJ fuqaro muhofazasi tuzilmalarining ish faoliyati va shartli xabarlar bo‘yicha amalga oshirilgan tezkor harakatlari "TAYYOR" deb baholandi.