“O‘zbekneftgaz” AJ elektr energiyasini saqlash texnologiyasini o‘rganmoqda
Energiya samaradorligini oshirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish va zamonaviy texnologiyalarga o‘tish — bugungi kunda “O‘zbekneftgaz” AJning asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Ana shunday muhim maqsadlar doirasida jamiyat mutaxassislaridan iborat ishchi guruh Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida joylashgan, “China Energy” kompaniyasi bilan hamkorlikda barpo etilgan va Markaziy Osiyoda yagona hisoblangan Battery Energy Storage Systems (BESS) — elektr energiyasini saqlash inshooti faoliyati bilan tanishishdi.
Uchrashuv davomida “China Energy” kompaniyasi vakillari bilan davra suhbati o‘tkazildi. Inshootning ishlash rejimi, texnik imkoniyatlari, xavfsizlik choralari va uning energiya tizimidagi ahamiyati to‘g‘risida atroflicha ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.
Ma’lumki, quyosh va shamol energiyasi kabi qayta tiklanuvchi manbalar tabiatan uzluksiz ishlamaydi. Ana shu muammoni hal etishda BESS tizimi eng samarali yechim sifatida ko‘rilmoqda. Tizim orqali elektr energiyasi litiy-ion va boshqa zamonaviy batareyalarda saqlanib, iste’mol talabiga mos ravishda elektr tarmog‘iga uzatiladi. Bu nafaqat barqaror ta’minot, balki energiya tejashda ham katta imkoniyatlar yaratadi.
Mutaxassislar tomonidan inshootning ishchi rejimlari va ekspluatatsiya xususiyatlari o‘rganilib, amaliyotda qo‘llanadigan bilim va ko‘nikmalar yuzasidan fikr almashildi. Yosh kadrlar salohiyatini oshirish, xavfsizlik qoidalariga rioya qilish va uskunalardan samarali foydalanish masalalari ham muhokama qilindi.
Tanishuv yakunida esa jahon tajribasini hisobga olgan holda milliy energetika tarmog‘ida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.