August 26

Import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni o‘zlashtirish imkoniyatlari o‘rganilmoqda

Ruscha

“O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan sanoat kooperatsiya aloqalarini kengaytirish va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni o‘zlashtirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Xususan, Jamiyat mutaxassislaridan iborat ishchi guruh Toshkent viloyatida joylashgan “Chirchiq” texnoparkining ishlab chiqarish maydonlarida bo‘lishdi.

Ko‘zlangan maqsad - texnopark rezidentlarining ishlab chiqarish salohiyatini o‘rganish, shuningdek, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishdan iborat.

Dastlab ishchi guruh texnoparkning zamonaviy infratuzilmasi va logistika imkoniyatlari bilan tanishdi, shuningdek, kimyoviy reagentlar ishlab chiqaruvchi “EASY860” MCHJ va “Lab Creator” QK MCHJ korxonalarining ishlab chiqarish maydonlarini ko‘zdan kechirdi.

Muzokaralar davomida “EASY860” MCHJ tomonidan ishlab chiqarilgan Antiskolant EASY-ST mahsuloti Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida sanoat tajriba sinovlaridan ijobiy natija bilan yakunlangani va hamkorlikda importdan xarid qilinayotgan Antiskolant kimyoviy reagentini mahalliylashtirilganligi alohida qayd etildi.

Bundan tashqari, Jamiyat ehtiyojlaridan kelib chiqib, kimyoviy reagentlar bo‘yicha batafsil ma’lumot taqdim etildi. Mahalliy korxonalar bu borada individual yechimlar taklif qilishlarini bildirdilar.

Shuningdek, tizim korxonalarida hamkorlikda import o‘rnini bosuvchi suvni tozalash, neft tayyorlash va sanoat uskunalarini himoya qilish uchun mo‘ljallangan yuqori sifatli maxsus kimyoviy moddalar ishlab chiqarishni o‘zlashtirish, sanoat tajriba sinovlarini o‘tkazish, muammolarni joyida o‘rganib chiqish va bartaraf etish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.

Uchrashuv so‘ngida tomonlar sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish bo‘yicha istiqbolli yo‘nalishlarni aniqlab, ishlarni jadallashtirishga kelishdi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati