“Uzbekistan GTL” zavodida mahalliy kimyoviy reagent o‘zlashtirilmoqda
Sanoat korxonalarida import o‘rnini bosadigan mahalliy mahsulotlardan foydalanish barqaror iqtisodiy o‘sishning kafolati ekani amalda o‘z isbotini topmoqda. Bu borada “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan ham mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ayni paytda “Uzbekistan GTL” zavodida ham mahalliy mahsulot ustidan solishtirma sinov ishlari olib borilmoqda.
Hozirda mahalliy korxona tomonidan ishlab chiqarilgan silikagel kimyoviy reagent zavod transformatoriga yuklandi. Transformator moy sistemasini namlikdan quritish uchun qo‘llaniladigan mahsulot ayni paytga qadar Xitoy Xalq Respublikasidan keltirilar edi.
Tahlil natijalari mahsulotning fizik-kimyoviy va funksional xususiyatlari import reagentga muvofiqligini tasdiqlasa hamkorlikning keyingi bosqichlari rasmiylashtiriladi.
Import o‘rnini bosuvchi mahsulotning mahalliylashtirish transport harajatlari, bojxona to‘lovlari, mahsulotni arzon narxga sotib olish, shuningdek, yetkazib berish muddatini sezilarli daraja qisqartirish imkonini beradi.