Jamoa faolligi g‘alabaga yetakladi
“O‘zbekneftgaz” AJ jamoasi Jizzax viloyatidagi Zomin milliy tabiat bog‘ida beshinchi marta o‘tkazilgan xalqaro Zaamin Ultra 2025 yugurish marafonida faol ishtirok etdi.
Mazkur musobaqa "Samarkand Marathon" turkumiga kiruvchi yirik sport va madaniy tadbirlardan biri hisoblanadi.
Tog‘li hududda o‘tgan musobaqa nafaqat jismoniy faollik, balki jamoaviy ruhni mustahkamlovchi, ijobiy energiya ulashuvchi muhim tadbir bo‘ldi.
“O‘zbekneftgaz” jamoasi musobaqada jamoaviy yugurish, plogging (yugurish paytida chiqindilarni yig‘ish), toza havodan bahra olish, mahalliy taomlardan tatib ko‘rish hamda munosib medallar bilan taqdirlanish kabi yo‘nalishlarda ishtirok etdi.
Bu kabi tadbirlar sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, xodimlarning do‘stona munosabatlarini yanada mustahkamlash va ijtimoiy faollikni oshirishga xizmat qiladi.
Xalqaro darajadagi marafonda 17 ta davlatdan 3500 dan ortiq ishtirokchi va mehmonlar qatnashdi. Ular orasida Belarus, Buyuk Britaniya, Fransiya, Shveysariya, AQSH, Xitoy, Turkiya va boshqa mamlakatlar fuqarolari ham bor edi. Ishtirokchilar 2, 5, 10, 21 va 50 km masofalarda, shuningdek bolalar uchun 60, 300, 600 va 1000 metrlik yo‘nalishlarda yugurishdi.
“O‘zbekneftgaz” AJ jamoasi ushbu musobaqada faol ishtirok etish orqali sog‘lom hayot tarzini qo‘llab-quvvatlashini va jamoa birdamligini amalda namoyon etdi.