April 10, 2023

“O‘zbekneftgaz”: Suyultirilgan gaz va oltingugurt mahsulotlari iste’molchilarga faqat birja savdolari orqali sotilmoqda

Ruscha

Birja savdolarida shaffoflik darajasini oshirish va sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan bir qator qarorlar imzolangan.

Xususan, Prezidentning 2017 yil 14 noyabrdagi PQ-3386-sonli, 2019 yil 8 oktyabrdagi PQ-4484-sonli hamda 2020 yil 17 martdagi PQ-5031-sonli qarorlariga muvofiq yuqori likvidli mahsulotlar, shu jumladan “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan suyultirilgan gaz va texnik oltingugurt mahsulotlari iste’molchilarga bozor tamoyillari asosida faqat birja savdolari orqali sotilib kelinmoqda.

Jumladan, joriy yilning yanvar-mart oylarida “O‘zbekneftgaz” AJ zavod va boshqarmalari tomonidan 99,42 mlrd so‘mlik 18,3 ming tonna suyultirilgan gaz mahsulotlari tovar-xom ashyo birjasi orqali ichki bozorga sotildi. Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 7,3 ming tonna ko‘p yoki o‘sish sur’ati 166,8 foizni tashkil qiladi.

Joriy yilning o‘tgan davrida sotilgan suyultirilgan gaz mahsulotining o‘rtacha bir tonnasi narxi 5 440,8 ming so‘mni tashkil qildi.

Shuningdek, 2023 yil yanvar-mart oylarida Muborak gazni qayta ishlash zavodida ishlab chiqarilgan 36,98 mlrd so‘mlik 67,3 ming tonna oltingugurt mahsulotlari tovar-xom ashyo birjasi orqali ichki bozorga sotilgan bo‘lib, o‘rtacha bir tonnasi narxi 549,5 ming so‘mni tashkil qildi.

2023 yil yanvar-mart oylarida suyultirilgan gaz va oltingugurt mahsulotlarini tovar-xomashyo birjasi orqali ichki bozorga sotish natijasida jami 136,4 mlrd so‘mlik bitimlar tuzilgan bo‘lib, 2022 yil mos davriga nisbatan o‘sish sur’ati 118 foizni tashkil qildi.

Shu bilan birga, joriy yil 6 fevraldan boshlab Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning realizasiyatsini “O‘zbekneftgaz” AJda tashkil etilgan savdo maydonchasi orqali amalga oshirish yo‘lga qo‘yildi.

Tizimda yagona sotish siyosatini yo‘lga qo‘yish hamda markazlashgan brokerlik faoliyatini amalga oshirish maqsadida joriy yil davomida tizim korxonalari va boshqa sohaga oid yuridik shaxslarga ham brokerlik xizmati ko‘rsatish rejalashtirilgan.

“O‘zbekneftgaz” AJ korxonalari tomonidan sifatli mahsulotlar ishlab chiqarish quvvatlarini yanada oshirish, bozor tamoyillari asosida mahsulotlarni birja savdolari orqali sotuvini jadallashtirish va Respublika iste’molchilariga uzluksiz yetkazib berish bo‘yicha tizimli ishlar davom ettirilmoqda.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati

|web-sayt|instagram|telegram|