June 4

“O‘zbekneftgaz” AJ 29-Boku xalqaro energetika haftaligida ishtirok etmoqda

Ruscha

Shu kunlarda Boku shahrida Ozarbayjon Respublikasi Enegetika vazirligi hamda “SOCAR” kompaniyasi hamkorligida Kaspiy mintaqasida energetika sohasidagi eng yirik tadbir Energetika haftaligi bo‘lib o‘tmoqda.

Mazkur haftalik energetika sohasining uchta eng yirik tadbirlarini o‘z ichiga oladi. Ya’ni 29-xalqaro "Kaspiy neft va gaz" ko‘rgazmasi, 12-Kaspiy energiya va yashil energiya xalqaro ko‘rgazmasi va 29-Boku energetika forumi.

4 iyun kuni tadbirning rasmiy ochilish marosimi o‘tkazilib, unda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilxom Aliyev kirish so‘zi bilan ishtirok etdi.

Tadbirda shuningdek, Turkiya, Saudiya Arabistoni, BAA, Avstriya, Belgiya, Baxreyn, Buyuk Britaniya, Vengriya, AQSH, Polsha, Iroq, Sloveniya, Jazoir kabi davlatlardan kelgan rasmiy delegatsiyalar vakillari, shuningdek Xalqaro neft eksport qiluvchi mamlakatlar tashkiloti (OPEK), Xalqaro energetika agentligi, Gaz eksport qiluvchi mamlakatlar forumi, Qayta tiklanadigan energiya manbalari xalqaro agentligi, Xalqaro energetika xartiyasi kabi tashkilotlar rahbarlari ham ishtirok etmoqda.

Ko‘rgazmaga tashrifi davomida Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev “O‘zbekneftgaz” AJ korporativ stendi bilan ham yaqindan tanishdi. Yuqori martabali mehmonga “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan Ozarbayjon kompaniyalari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan va rejalashtirilgan investisiya loyihalari, istiqbolli rejalar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

Boku energetika haftaligi davomida neft va gaz yo‘nalishida amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan istiqbolli loyihalar, neft va gaz konlarini o‘zlashtirish, qazib olish, qayta ishlash va tashish, axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan samarali foydalanish, yangi innovatsion yechimlarni tadbiq etish, sanoat kooperatsiyasi aloqalarini yo‘lga qo‘yish va kengaytirish kabi yo‘nalishlarda “B2B” hamda “B2G” formatlaridagi uchrashuv va muzokaralar o‘tkazilishi ham rejalashtirilgan.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati

web-sayt | instagram | telegram | youtube | facebook