Yangi kondagi ilk quduqdan gaz olindi
Uglevodorod xom ashyo bazasini rivojlantirish va qayta tiklash dasturi doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar o‘z samarasini bermoqda.
Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumanida joylashgan “Yangi Kultak” konida olib borilgan geologik qidiruv ishlari natijasida kecha, 10 oktyabr kuni 1-son izlov qudug‘ida sanoat miqyosidagi tabiiy gaz oqimi aniqlandi.
O‘tgan yilning may oyida burg‘ilash boshlangan mazkur quduq 4150 metr chuqurlikgacha burg‘ilandi. 2989-2990 metr oralig‘ida olib borilgan perforatsiya sinov ishlari natijasida yuqori yura davri karbonat yotqiziqlarining mahsuldor qatlami o‘zlashtirildi.
Quduqning boshlang‘ich kunlik erkin debiti 200 ming kub metrni tashkil etmoqda.
Hozirda quduqda gaz oqimining bosimi va haroratini baholash, shuningdek, uning iqtisodiy samaradorligini aniqlash maqsadida tadqiqot ishlari olib borilmoqda.