“PETRONAS” kompaniyasi bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohimning taklifiga binoan 4-5 fevral kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘lib turipti.
Davlat rahbarining tashrifi doirasida “O‘zbekneftgaz” AJ delegatsiyasi ham yirik kompaniyalar bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazmoqda.
Xususan, Kuala-Lumpur shahrida “PETRONAS” kompaniyasi rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralarda ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari bilan bog‘liq keng ko‘lamli masalalar ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv doirasida turli hududlarda geologiya-qidiruv ishlarini olib borish, hamkorlikda kadrlar tayyorlash rejalari, shuningdek, gazni qayta ishlash sohasidagi muhim tashabbuslarga alohida e’tibor qaratildi.
Xorijiy kompaniya joriy loyihalarni batafsil o‘rganish, ular salohiyatini baholash va mamlakatimiz neft-gaz sohasi rivojlanishining tizimli monitoringini olib borishga katta qiziqish bildirdi.
Ma’lumot uchun, “PETRONAS” — Malayziya davlat neft va gaz kompaniyasi 1974 yilda tashkil etilgan bo‘lib, dunyodagi eng yirik energetika korporatsiyalaridan biri hisoblanadi. Kompaniya neft, tabiiy gaz va neft-kimyo mahsulotlarini qidirish, qazib olish, qayta ishlash, tashish va sotish bilan shug‘ullanadi hamda 50 dan ortiq mamlakatda faoliyat yuritadi. Shuningdek, suyultirilgan gaz, neft-kimyo va qayta tiklanadigan energiya manbalari bo‘yicha loyihalarni faol rivojlantiradi.