October 8

Noyob metallarni qazib olish bo‘yicha tadqiqotlar olib borilmoqda

Ruscha

"O‘zbekneftgaz" AJ tomonidan noyob metallar tarkibini o‘rganish maqsadida qattiq qatlam suvlaridan litiy va boshqa nodir elementlarni aniqlash bo‘yicha tadqiqotlar olib borilmoqda. Bu loyiha noyob metallarni qazib olish imkoniyatlarini baholash va mamlakat iqtisodiyoti uchun yangi sanoat tarmoqlarini rivojlantirish maqsadida amalga oshirilmoqda.

Qayd etish joizki, litiy — bu tabiatda kam uchraydigan, juda muhim element. U zamonaviy sanoat va texnologiya sohalarida juda keng qo‘llaniladi. Xususan, elektromobillar, noutbuk, smartfon va boshqa elektron qurilmalar uchun asosiy energiya manbai hisoblanadi. Shuningdek, litiy yuqori mustahkam qotishmalar va kuchli materiallarni ishlab chiqarishda keng foydalaniladi.

Jamiyat tomonidan amalga oshirilayotgan loyiha doirasida, litiy tarkibi yuqori bo‘lgan manbalarni aniqlash va ulardan nodir metallar qazib olishning iqtisodiy samaradorligini baholash muhim hisoblanadi. Shu maqsadda “O‘zbekneftgaz” AJga qarashli Sho‘rtan, Muborak, Gazli va Ustyurt mintaqalaridagi 15 ta kon tanlab olindi. Ushbu hududlarda maxsus ko‘chma ishlar amalga oshirilib, qatlam suvlaridan namunalar olindi.

Loyihaning muhim bosqichlaridan biri — laboratoriya tadqiqotlaridir. Tadqiqotlar qatlam suvlaridan litiy va boshqa noyob metallarni qazib olish uchun zarur bo‘lgan texnik va iqtisodiy sharoitlarni aniqlashga yordam beradi. Loyihaning keyingi bosqichlarida tadqiqot natijalariga asoslanib, dastlabki texnik-iqtisodiy hisob-kitob amalga oshiriladi. Bu hisob-kitob asosida qazib olish jarayonini qanday yo‘lga qo‘yish va iqtisodiy foydasi aniqlanadi.

Agar tadqiqotlar muvaffaqiyatli yakunlansa va qatlam suvlaridan litiy va boshqa noyob metallarni qazib olish sanoat darajasida amalga oshirilsa, bu nafaqat mamlakat iqtisodiy rivojlanishiga, balki xalqaro bozorlarda litiy va boshqa noyob metallarga bo‘lgan talabni qondirishga xizmat qiladi.

Ushbu loyiha "O‘zbekneftgaz" AJ tomonidan amalga oshirilayotgan ilg‘or tashabbuslardan biri bo‘lib, mamlakatning energiya va texnologiya sohalaridagi barqaror rivojlanishiga katta hissa qo‘shadi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati

web-sayt | instagram | telegram | youtube | facebook