September 10

Samarqandda mintaqada neft-gaz sanoati hamkorligi muhokama qilinmoqda

Joriy yil 9–11 sentyabr kunlari Samarqand shahrida “Markaziy Osiyo va Kaspiy neft-gaz kimyosi va neftni qayta ishlash” mavzusida nufuzli biznes-sammit bo‘lib o‘tmoqda.

Anjumanda 350 dan ortiq mutaxassis, jumladan davlat organlari vakillari hamda mintaqa va dunyodagi yetakchi kompaniyalar – “O‘zbekneftgaz”, “KazMunayGaz”, SOCAR, “KMG PetroChem”, “Honeywell”, “Worley Consulting” va boshqalar ishtirok etmoqda.

Sammit mahalliy va xalqaro ekspertlar o‘rtasida tajriba almashish, innovasion texnologiyalarni namoyish qilish va mintaqaning eng yirik energetika loyihalarini muhokama etish uchun muhim platforma hisoblanadi.

Tadbirning dastlabki kuni “Yangi bosqich – Markaziy Osiyo va Kaspiyda neftni qayta ishlash va neftgazkimyo transformatsiyasi” mavzusidagi plenar sessiya bilan boshlandi.

Unda modernizatsiya jarayonlari, investisiyalarni jalb etish, xomashyoni diversifikatsiya qilish, import o‘rnini bosish hamda mintaqaviy energetik hamkorlik masalalari muhokama etildi.

Ushbu sessiyada “O‘zbekneftgaz” AJ departament boshlig‘i Abrorjon Xudoyberganov hamda “Uzbekistan GTL” MCHJ bosh direktori Alisher Bahodirov o‘z fikr va takliflari bilan qatnashdilar.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati