Yesterday

Qazib chiqarish samaradorligini oshirish bo’yicha yig’ilish bo’lib o’tdi

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi tabiiy gaz qazib chiqarish va zaxiralarni o‘stirishga bevosita mas’ul bo‘lgan rahbar va mutaxassislar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazdi.

Unda davlat rahbari tomonidan Jamiyat faoliyatini tiklash, tabiiy gaz qazib chiqarish hajmlarini barqarorlashtirish va sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni oshirish bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalar ijrosi tanqidiy-tahliliy ruhda ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, so‘nggi to‘rt yilda tabiiy gaz qazib chiqarish hajmlari 21.7 foizga kamaygan. Bu holat sohada strategik rejalashtirish yetishmasligi, faqat bugungi kun bilan ishlanishi oqibatida kutilgan natijaga erishilmagani bilan izohlandi. Shu bois har bir kon bo‘yicha iqtisodiy samaradorlik va rentabellik ko‘rsatkichlarini aniq belgilash zarurligi aytildi.

Joriy yilda geologik-qidiruv va texnik tadbirlarga katta hajmda mablag‘ ajratilganiga qaramasdan, qazib chiqarishda o‘sish kuzatilmayotgani, qazib chiqarish sur’atlarining 5–6 foizga pasayib borayotgani boshqa turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi ta’kidlandi.

Ayni vaqtda “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan qazib chiqarilayotgan tabiiy gaz tannarxdan arzonroq narxda keyingi bosqichga yetkazib berilmoqda. Bu esa, kompaniyaning iqtisodiy ko‘rsatkichlariga ta’sir qilib, tashqi qarzlarni ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda. Shu bois, yig‘ilishda qazib chiqarish xarajatlarini maksimal qisqartirish evaziga, Jamiyatning moliyaviy barqarorligini ta’minlash mumkinligi qayd etildi.

Endilikda har bir mas’ulga quduq biriktirish amaliyoti joriy etilib, ularning har biridan kafolat xati olinadi. Ko‘rsatkichlar ijrosini ta’minlashda sustkashlikka yo‘l qo‘yganlarga qat’iy choralar ko‘rish belgilandi.

Yig‘ilish yakunida sohadagi mavjud muammolarni bartaraf etish, qazib chiqarishni barqaror rivojlantirish va zaxiralarni oshirish bo‘yicha aniq taklif va tashabbuslar tinglandi. Ushbu takliflar asosida sohani rivojlantirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilishi topshirildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati