Tajriba, bilim va imkoniyat — muvaffaqiyatlar poydevori
Xitoy Xalq Respublikasining Lanchjou shahrida Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun tashkil etilgan xalqaro malaka oshirish kursida “O‘zbekneftgaz” AJ Biznesni rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlari departamenti tahlilchisi Nargiza Ibragimova faol ishtirok etdi.
Dastur doirasida qatnashchilarga lingvistika, raqamli ta’lim va sun’iy intellekt sohalaridagi yetakchi mutaxassislar tomonidan ma’ruzalar, amaliy mashg‘ulotlar va master-klasslar o‘tkazildi.
Ishtirokchilar xalqaro hamkasblar bilan tajriba almashish, kasbiy aloqalar o‘rnatish va til ta’limidagi zamonaviy tendensiyalar bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldi.
Xodimlarning xalqaro darajadagi bunday ta’lim dasturlaridagi ishtiroki nafaqat ularning shaxsiy va kasbiy o‘sishiga, balki kompaniyaning umumiy intellektual va amaliy salohiyatini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.
Nargiza Ibragimovaning mazkur kursdagi ishtiroki uning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini yanada boyitib, korporativ jarayonlarga ilg‘or yondashuvlarni joriy etishda yangi imkoniyatlar eshigini ochdi.
“O‘zbekneftgaz” AJ kelgusida ham xodimlarining xalqaro ta’lim va malaka oshirish dasturlarida faol ishtirokini qo‘llab-quvvatlashni davom ettiradi.