“Uzbekistan GTL” dizel yoqilg‘isi Yevropaning “REACH” sertifikatiga ega bo‘ldi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2024 yil yanvar oyida o‘tkazilgan investitsiya, eksport va sanoat sohalaridagi ustuvor vazifalar muhokamasi davomida berilgan topshiriqlar ijrosi doirasida “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan muhim amaliy ishlar olib borilmoqda.
Xususan, "Uzbekistan GTL" zavodida ishlab chiqarilayotgan sintetik mahsulotlarni xalqaro bozorlarda tan olinishi va eksport geografiyasini kengaytirish maqsadida ularni Yevropa Ittifoqi tomonidan talab etiladigan REACH (Registration, Evaluation, Authorisation and Restriction of Chemicals) sertifikatlashtirish jarayoni amalga oshirildi. Ushbu jarayon 8 oy davom etdi va muvaffaqiyatli yakunlandi.
Yevropa kimyo agentligi (ECHA) tomonidan taqdim etilgan "REACH" sertifikati "GTL" dizel yoqilg‘isining Yevropa bozorlariga erkin va keng miqyosda chiqishini ta’minlaydi. Shu bilan birga, “GSP+” tizimi doirasida eksport hajmini bir necha barobarga oshirish imkonini yaratadi.
Bugungi kunda "Uzbekistan GTL" zavodida ishlab chiqarilayotgan yuqori sifatli, ekologik toza va xavfsiz sintetik neft mahsulotlari — dizel yoqilg‘isi, aviakerosin, nafta va boshqalar — Estoniya, Ruminiya, Niderlandiya, shuningdek, Rossiya, AQSH, Gruziya, BAA, Qirg‘iziston va Tojikiston kabi davlatlarga eksport qilinmoqda.
Bu esa nafaqat mahalliy ishlab chiqarish salohiyatini xalqaro bozorda namoyon qilish, balki O‘zbekistonning eksport salohiyati va tashqi iqtisodiy faoliyatini rivojlantirishda muhim qadam sanaladi.