January 30

Yaponiya banki bilan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga kelishib olindi

Ruscha

“O‘zbekneftgaz” AJ va Yaponiyaning “MUFG Bank Ltd” banki vakillari o‘rtasida navbatdagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish va yangi loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish bo‘yicha bir qator muhim masalalar muhokama qilindi.

Dastlab, “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar, transformatsiya jarayonlari va iqtisodiy barqarorlik bo‘yicha erishilgan natijalarga e’tibor qaratildi. Jamiyatning amaldagi loyihalari, ehtiyojlari, korporativ maqsadlari, moliyaviy strategiyalari haqida batafsil ma’lumot berildi.

Uchrashuvda bank tomonidan taklif etilayotgan moliyaviy instrumentlar, moliyalashtirish uchun taklif qilinadigan kreditlar, shartnomalar, ularni amalga oshirish muddatlari va boshqa muhim shartlari ko‘rib chiqildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ va "MUFG Bank Ltd" banki tomonidan sindikatlashgan kredit tashkil etish masalasi ham kun tartibidan o‘rin oldi. Bu kreditlar katta miqdordagi moliyalashtirishni talab qiladigan loyihalarni amalga oshirish uchun juda muhimdir. Taqdim etilgan takliflar va ularning amalga oshirish muddatlari, kredit shartnomalarini imzolash ishlarini jadallashtirishda muhim hisoblanadi.

Shuningdek ilg‘or xorijiy banklar bilan sindikatlashgan klub krediti tashkil qilish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Bu kreditlar ekologik islohotlar va atrof muhitga zararni kamaytirishga qaratilgan loyihalarni moliyalashtirish uchun zarur.

Bundan tashqari mehmonlarga yevrobondlarni chiqarish va moliyalashtirish reja qilingani haqida ma’lumot berildi. Bank vakillari mazkur yevrobondlarni chiqarish jarayoni va shu bilan bog‘liq moliyaviy xizmatlarni ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.

Muzokaralar yakunida o‘zaro hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha aniq qadamlar belgilab olindi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati

web-sayt | instagram | telegram | youtube | facebook