Gender tengligi boʻyicha milliy yondashuvni shakllantirishda “Oʻzbekneftgaz”ning ishtiroki
Oʻzbekiston Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi tashabbusi bilan BMTning Aholishunoslik jamgʻarmasi (UNFPA) hamda BMTning "Ayollar tuzilmasi" (UN Women) koʻmagida ishlab chiqilayotgan Mamlakat gender tengligi profili (Country Gender Equality Profile – CGEP) loyihasining yakuniy muhokamasiga bagʻishlangan ishchi guruh yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Unda vazirlik va idoralar, xalqaro tashkilotlar hamda ekspertlar ishtirokida mamlakatimizda gender tengligini taʼminlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, mavjud natijalar va ustuvor vazifalar atroflicha muhokama qilindi.
Shuningdek, soʻnggi yillardagi oʻzgarishlarni toʻliq aks ettirish, statistik maʼlumotlarni yangilash hamda milliy tajribani xalqaro standartlar asosida yoritish yuzasidan taklif va tavsiyalar koʻrib chiqildi.
Mazkur muhokamada ishchi guruh aʼzosi sifatida ishtirok etgan “Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi maslahatchisi Yu.Adilova yoqilgʻi-energetika sohasida xotin-qizlar uchun teng imkoniyatlar yaratish, ularning mehnat huquqlari va manfaatlarini taʼminlash, rahbarlik lavozimlaridagi ishtirokini kengaytirish hamda sohada amalga oshirilayotgan gender siyosatiga oid qator taklif va tavsiyalarni ilgari surdi.
Qayd etilganidek, mamlakat gender tengligi profilining takomillashtirilishi davlat organlari, xalqaro tashkilotlar va tarmoq vakillari oʻrtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, shuningdek, mamlakatimizda gender tengligini taʼminlashga qaratilgan islohotlarni xalqaro mezonlar asosida baholash va rivojlantirishga xizmat qiladi.