Xorij tajribasini qo‘llash orqali burg‘ilash muddati 65 kungacha qisqartirilmoqda
Bugun, 10 may kuni AOKAda “O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati rahbari Mo‘min Ibodov ishtirokida xorijiy usullarni tadbiq etish orqali gaz quduqlarni burg‘ilash muddatini qisqartirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari tomonidan berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida “O‘zbekneftgaz” AJda xorijiy hamkorlar bilan birgalikda mamlakatda ilk bor Burg‘ilash ishlarini boshqarish markazi tashkil etildi. Bu jarayonda Jamiyatga qarashli 20 dan ortiq burg‘ilash dastgohi raqamlashtirildi.
Bugungi kunda bu ishlar barchasi malakali mutaxassislar tomonidan onlayn tahlil qilib borilmoqda.
Markazlashgan tashkiliy-raqamli boshqaruvni yaratish Jamiyatga qazib chiqarish uchun sarflanadigan vaqtni, xususan, quduqlarni burg‘ilash muddatini 30 foizdan ortiqqa qisqartirish imkonini bermoqda.
“O‘zbekneftgaz” AJ mutaxassislari xorij tajribasini o‘rganib, gaz quduqlari burg‘ilash jarayonlarini nazorat qilishni raqamlashtirgani, sohada takomillashtirilgan uskunalarni qo‘llashi natijasida burg‘ilash muddatlari qisqarib bormoqda.
Qayd etish lozimki, shu paytga qadar 4,5 ming metr bo‘lgan bitta gaz qudug‘ini burg‘ilashga o‘rtacha 180-185 kun sarflangan bo‘lsa, xorij tajribasini qo‘llash va soha fidoyilarining zahmati bilan ushbu muddat 65 kungacha qisqartirilmoqda. Burg‘ilash ishlarining erta yakunlanishi hisobiga har-bir quduq qurilishidan 10 mlrd. so‘mdan ortiq mablag‘ tejab qolinmoqda.
Bundan buyon “O‘zbekneftgaz” AJga qarashli barcha yangi quduqlarni burg‘ilashda bosqichma-bosqich yangi innovasion usullar qo‘llanilishi rejalashtirilgan.