Yesterday

Sho‘rtan majmuasida ishlab chiqarish jarayonlari va istiqboldagi vazifalar o‘rganildi

«O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari S. Hamroyev va ishlab chiqarish bo‘yicha o‘rinbosari A. Xudoyberganov boshchiligidagi ishchi guruh «Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi» MCHJda bo‘lib, ishlab chiqarish jarayonlari, mavjud quvvatlar hamda istiqbolli loyihalar bilan tanishdi.

Safar «Qarshitermoplast» bo‘linmani ko‘zdan kechirishdan boshlandi. Bu yerdagi mavjud ishlab chiqarish quvvatlari va texnologik jarayonlar holati o‘rganilib, faoliyat samaradorligini oshirish, ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini yaxshilash hamda mavjud muammolarni bartaraf etish masalalari ko‘rib chiqildi.

Shundan so‘ng ishchi guruh a’zolari majmuada amalga oshirilayotgan yangi loyihalar bilan tanishdi. Ularning ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirish, mahsulot turlarini ko‘paytirish va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishdagi ahamiyatiga e’tibor qaratildi.

Shuningdek majmuada kengaytirilgan sayyor yig‘ilish ham o‘tkazildi. Unda korxona faoliyati samaradorligini oshirish, ishlab chiqarish jarayonlarini takomillashtirish va yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan investisiya loyihalari konsepsiyalari ko‘rib chiqildi.

Sho‘rtan hududida tabiiy gaz qazib chiqarish prognozlari tahlil qilindi. Majmua hamda «Uzbekistan GTL» MCHJni tabiiy gaz bilan barqaror ta’minlash, gaz xarid qilish jarayonlarini samarali tashkil etish kabi masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Yig‘ilish yakunida ko‘rib chiqilgan yo‘nalishlar bo‘yicha, jumladan, istiqbolli investisiya loyihalarini amalga oshirish yuzasidan «O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruv raisiga tegishli takliflar kiritish belgilandi.

«Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati