Yangi hamkorlar bilan kelishuvlarga erishildi
Qozog‘istonning Energetika vazirligi, “KazMunayGaz” va “KAZENERGY” tashkilotlari rasmiy ko‘magida “KIOGE – 2024” 29-xalqaro neft va gaz konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Ikki yilda bir marotaba o‘tkaziladigan ushbu tadbir energetika sohasida eng muhim voqealaridan biri hisoblanadi.
Bu yilgi konferensiya va ko‘rgazmada 20 ta davlatdan 340 dan ortiq yirik kompaniya vakillari ishtirok etib, yoqilg‘i-energetika, neft va gaz uskunalari, burg‘ulash texnologiyalari, sanoat xavfsizligi va muhandislik sohalaridagi eng so‘nggi ishlanmalarini taqdim qilishdi.
“KIOGE – 2024” konferensiyasi doirasida energetika loyihalarini amalga oshirishda xalqaro hamkorlik mavzusida plenar sessiya o‘tkazildi.
“O‘zbekneftgaz” AJ ishchi guruhi ham tadbirda faol ishtirok etib, bir qator davlat idoralari va tadbirkorlik sub’yektlari bilan muhim uchrashuvlar o‘tkazdi.
“Sufa Technology Industry” va “Rosen Group” kompaniyalari bilan quvur mahsulotlarini o‘zlashtirish, ularni bosim ostida tekshirish, ta’mirlash va ishlab chiqarish ob’yektlarini sinovdan o‘tkazish bo‘yicha hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi.
“KazMunayGaz” va “QazaqGaz” vakillari bilan quduqlarni burg‘ulash, gazni qayta ishlash, uglevodorodlarni qazib olish va yangi yoqilg‘i mahsulotlarini ishlab chiqarish yo‘nalishida hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, ko‘rgazma doirasida 2025 yilda O‘zbekistonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Energetika haftaligi uchun yangi hamkorlik yo‘nalishlari, xususan, Kanada, Yevropa, Amerika kompaniyalari va moliyaviy institutlar ko‘lamini kengaytirish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi. Xususan, “CNPC”, “Sinopec”, “KazMunayXim”, “Glensol”, “IPS” va bir qator Kanada kompaniyalari ishtirok etishi rejalashtirilgan.
Bu hamkorliklar kelgusida “O‘zbekneftgaz” AJ uchun xalqaro maydonda yangi imkoniyatlar eshigini ochishga xizmat qiladi.