August 14, 2023

Maxsus-taktik o‘quv mashqlari o‘tkazildi

Ruscha

Xavfli ishlab chiqarish ob’yektlarida yong‘inlarning oldini olish, shuningdek, favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish maqsadida Buxoro neftni qayta ishlash zavodida maxsus-taktik o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi.

Mashg‘ulot rejasiga ko‘ra, zavodning Xom-ashyo va tayyor mahsulotlar sexida uglevodorodlarning ko‘p miqdorda sizib chiqishi natijasida sig‘imda shartli yong‘in sodir bo‘ldi.

Yong‘inni bartaraf etish uchun favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish tizimining kuch va vositalari, shuningdek, ob’yektning texnik xodimlari yo‘naltirildi.

Fuqaro muhofazasi xizmati, harbiylashtirilgan gazdan qutqaruv otryadi, tibbiyot brigadasi va yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari tomonidan shartli yong‘in tezkorlik bilan o‘chirildi, jabrlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatildi. Yong‘inni masofadan o‘chirish jarayonida “Hyundai KAV 66” rusumli ixtisoslashtirilgan o‘t o‘chirish mashinasidan foydalanildi.

Taktik-maxsus o‘quv mashg‘ulotlarida 218 nafar xodim ishtirok etdi va 28ta maxsus texnika jalb etildi.

Strategik ahamiyatga ega ob’yektda o‘t o‘chiruvchilar va qutqaruvchilar qo‘shma mashg‘ulotlarni professional darajada namoyish etdilar. Xodimlarning favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish bo‘yicha tayyorgarligi yuqori baholandi.

“Buxoro NQIZ” Axborot xizmati

web-sayt | instagram | telegram | youtube