Obyektlarda avariyalarni bartaraf etish bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazildi
Qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish, favqulodda vaziyatlar va yirik avariyalarning oldini olish, yong‘in xavfsizligi tadbirlarini samarali tashkil etish maqsadida “O‘zbekneftgaz” AJning Qashqadaryo viloyatida joylashgan obyektlarda qo‘mondonlik shtab-o‘quv mashqlari o‘tkazildi.
Ushbu tadbirlarda Muborak, Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalari, Muborak gazni qayta ishlash zavodi, “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” MChJ va “Uzbekistan GTL” MChJlardagi jami 22 ta o‘quv nuqtasi belgilab olindi.
Mashg‘ulotlarda favqulodda tabiiy gaz sizib chiqishi bilan bog‘liq avariyalarni bartaraf etish, elektr, xom ashyo gazi ta'minotida sodir bo‘lgan uzilishlar oqibatida qurilmalarning ishdan to‘xtashi, avariyalarsiz to‘xtatish tadbirlari bo‘yicha xodimlarning harakatlari namoyish etildi.
Shuningdek, shartli ravishda obyekt hududida kuchli yong‘in sodir bo‘lganda, alternativ elektr energiyasini ishga tushirish, anomal sovuq ob-havo natijasida uskunalarning muzlab ishdan chiqish holatlarini bartaraf etishga tayyorgarlik ko‘rsatildi.
Tadbirlarga yong‘in xavfsizligi, tibbiy, aloqa guruhlari, gazdan qutqarish otryadlari va boshqalardan iborat 290 ta shaxsiy tarkib va 58 ta maxsus texnika jalb etildi.
Obyekt rahbarlari, fuqaro muhofazasi tuzilmalari va doimiy shay xizmatlar mavsumda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishga tayyorgarligi e'tirof etildi va “Tayyor” deb baholandi. Favqulodda vaziyatlar vaziri tomonidan Tashakkurnomalar bilan taqdirlandi.
Mashg‘ulotlar jamiyat tasarrufidagi ob'ektlarda tizimli ravishda davom ettiriladi.